Adiblar xiyobonida “Vatan madhi qalblarda mangu” mavzusida hisobot konserti o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida Adiblar xiyobonida “Vatan madhi qalblarda mangu” mavzusidagi hisobot konserti bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirni Prezident Administratsiyasi mas’ul xodimi Abduhalil Mavrulov, Madaniyat vaziri o’rinbosari Murodjon Majidov, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid hamda O’zDSMI rektori Nodirbek Sayfullayev ochib berib, ushbu badiiy kecha milliy madaniyatimiz va adabiyotimizni yoshlarimizga yetkazishda muhim qadam bo‘lishini, atoqli adiblarimizning hayoti va ijodini yoshlarga tanitish, ularni milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash oliygohning asosiy maqsadlaridan biri ekanligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Adiblar xiyobonini yoshlar uchun doimiy gavjum va fayzli maskanga aylantirish ularni milliy merosimiz bilan tanishtirish hamda talabalarning ma’naviy olamini boyitishga xizmat qilishi aytib o‘tildi.

Konsertning asosiy maqsadi atoqli adiblarimiz hayoti va ijodini yoshlar orasida keng targ‘ib qilish, ularning merosini abadiylashtirish va xiyobonni yoshlar bilan doimiy gavjum bo‘lgan maskanga aylantirishdan iborat. Badiiy kechada institut professor-o‘qituvchilari, mashhur xonandalar va iqtidorli talabalar ishtirokida milliy kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Shuningdek, O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf qalamiga mansub she’rlar o‘qildi va turli sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

Tadbir yoshlar uchun katta ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatga ega bo‘lib, ularga atoqli adiblarimizning boy merosini yanada yaqinroq tanitish imkonini berdi.

Hisobot konserti Adiblar xiyobonini yoshlar uchun ma’naviy va madaniy maskanga aylantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.