Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga asosan, yurtimizdagi yetakchi ijodiy tashkilotlarning «Do‘stlar klubi» tashkil etilib, ularga yirik korxona, bank va kompaniyalar homiy sifatida biriktirilgandi.

Shunga muvofiq, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati o‘rtasida «Do‘stlar klubi» doirasidagi qator ijodiy ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Joriy yilning 31-iyul kuni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga Olmaliq kon-metallurgiya kombinati AJ boshqaruv raisi, Oliy Majlis senati a’zosi Abdulla Xursanov tashrif buyurib, institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev bilan uchrashib ikki tomonlama hamkorlikning istiqboldagi rejalari yuzasidan fikr almashishgan edi.

Shunga muvofiq, bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga korxona rahbarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha maslahatchisi Kamola Umaraliyeva va «Metallurg» madaniyat saroyi direktori Zahriddin Mahmudaliyevlarlar tashrif buyurib, institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev bilan uchrashishdi.

Dastlab rektor tomonidan oliygoh tarixi, faoliyati va erishgan yutuqlari borasida mehmonlarga qisqacha ma’lumot berib o’tildi. Uchrashuvda tomonlar korxona faoliyatiga oid spektakl sahnalashtirish, dramaturgiya yo’nalishida tahsil oluvchi talabalar o’rtasida tanlov o’tkazish, korxona va Olmaliq shahri aholisi uchun yaqinlashib kelayotgan mustaqillik bayramini hamkorlikda yuqori saviyada o’tkazish va doimiy ijodiy aloqalarni o’rnatishga kelishib olib, o’tkaziladigan tadbirlarning aniq rejasini ishlab chiqish bo’yicha mas’ullarga tegishli tavsiyalar berib o’tildi.

Shuningdek, korxona maslahatchisi K.Umaraliyeva tomonidan institut kutubxonasi uchun Olmaliq KMK AJ homiyligida nashr etilgan kitoblar to’plami, jurnal va gazetalar taqdim qilindi. Ushbu kitob va jurnallar yosh avlodning ma’naviy kamolotini shakllantirish, ularning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda kitobxonlikni rag‘batlantirishga xizmat qilishi ta’kidlab o’tildi.