2-avgust kuni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida Madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda oliygoh rahbariyati, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari va bo‘lim boshliqlari qatnashdi.

Yig’ilishni kirish so’zi bilan ochib bergan institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev oliygohda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonlari jadallik bilan davom etayotganini hamda muassasaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘quv dasturlarini zamonaviy talablarga mos ravishda yangilash va talabalarga yanada qulay sharoitlar yaratish borasida olib borilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratilayotganini aytib o‘tdi.

Shundan so’ng, yig‘ilishda tashkiliy masala ko’rilib, Madaniyat vazirining tegishli buyrug’i bilan institutga yangidan tayinlangan prorektorlar jamoaga tanishtirildi. Xususan, yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha birinchi prorektor lavozimiga Ergashev Shohbek Muzaffarovich, o‘quv ishlari bo’yicha prorektor lavozimiga Madiyev Sobir Xayitqulovich hamda ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor lavozimiga Yakubov Baxtiyor Choriyevich tayinlandi.

Murodjon Majidov yangi lavozimga tayinlangan prorektorlarga muvaffaqiyat tilab, ularga institut ravnaqi yo‘lida munosib hissa qo‘shish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, vazir o‘rinbosari yoshlar bilan ishlashda zamonaviy yondashuvlarni qo‘llash, ta’lim jarayonini takomillashtirish va ilmiy tadqiqotlarga e’tiborni oshirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o’tdi.