Xabaringiz bor, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professor-o‘qituvchilari va talabalaridan iborat delegatsiya Fransiyaning Kann shahrida o‘tkazilayotgan xalqaro kinofestivalda faxriy mehmon sifatida ishtirok etmoqda. Hamyurtlarimiz festival dasturidan o‘rin olgan turli master-klasslarda qatnashmoqda.
Bugun kino, televideniye va radio rejissyorligi kafedrasi mudiri Doston Hojimatov boshchiligidagi delegatsiya Kotd’Azur universiteti faoliyati bilan tanishdi. Tashrif davomida ta’lim tizimi, o‘quv yo‘nalishlari, dars jarayonlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan tanishildi.
Xususan, kino sohasi bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan bir qancha yo‘nalishlarning faoliyati o‘rganildi.
Jumladan, oliygoh bir qancha xalqaro kinofestivallarda g‘olib va sovrindorlar qatoridan o‘rin olgan bakalavriatlarni magistratura bosqichiga imtiyozli ravishda (kontrakt summasining 50 foizini qoplab berish) o‘qishga qabul qilishi ma’lum bo‘ldi.
Tashrif davomida fransuz universiteti vakillari bilan suhbat o‘tkazilib, istiqbolli hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, tadqiqotlar olib borishga ixtisoslashgan Kotd’Azur universitetida o‘ttiz mingdan ortiq talaba tahsil oladi. Ularning yigirma foizini xorijliklar tashkil etadi.
Universitetda Huquq, siyosat, iqtisod va boshqaruv, madaniyat, san’at, ijtimoiy fanlar, tibbiyot, jismoniy tarbiya va boshqa yo‘nalishlarga ixtisoslashgan fakultet va kafedralar mavjud.