O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida san’atshunoslik kafedrasi tashabbusi bilan «San’atshunoslikning dolzarb masalalari: muammo va yechimlar» mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
Anjumanni oliygoh rektori Nodirbek Sayfullayev ochib berib, har bir sohaning rivoji hamda shakl va mazmun jihatdan boyishi, ushbu sohaning qanchalik keng tadqiq etilishiga ham bog‘liq ekanligini, bugungi kunda ta’lim rivojiga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik natijasida sohada bo‘layotgan o‘zgarishlar va yangilanishlarni yanada keng targ‘ib etish, ijodkorlarning yangicha qarashlari va intilishlarini yanada sayqallanishida san’atshunoslarning ham alohida mas’uliyati borligini ta’kidlab o‘tdi hamda ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Yalpi majlisda «O‘zbekistonda teatr tanqidining muammolari va rivojlanish istiqbollari», «O‘zbek teatri: shakllanish bosqichlari va bugungi holati», «Sahna zamon ruhi», «Dramaturg mahoratining shakllanishida jahon adabiyotining o‘rni», «Kinoshunoslik fanining dolzarb vazifalari», «Madaniyat va san’at: muammo va yechimlar», «O‘zbek Milliy akademik drama teatri sahnasida tarixiy obrazni gavdalantirish ustidagi izlanishlar» va boshqa ko‘plab dolzarb mavzular bo‘yicha ma’ruzalar o‘qilib, keng doirada muhokama qilindi.
Konferensiya so‘ngida barcha ishtirokchi tashkilotchilar tomonidan sertifikat bilan taqdirlandi.