O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov Rossiya Arktika madaniyat instituti birinchi prorektori Stanislav Ivanov bilan uchrashdi.
Suhbat davomida kelgusida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va shu asosida bir qator loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, rus oliygohi tomonidan ishlab chiqilgan «Madaniy kod» strategiyasidagi vazifalarni birgalikda ijrosini ta’minlash, loyihani O‘zDSMIda tatbiq etish borasida fikr almashildi.
«Madaniy kod» sohani raqamlashtirish va barqarorlashtirishga qaratilgan dastur hisoblanib, dizayn, musiqa, teatr, kino, madaniyat va moda san’atini rivojlantirish va tizimlashtirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv so‘ngida ikki mamlakat oliygohlari rahbarlari yana bir qator qo‘shma dasturlarni o‘z ichiga olgan hamkorlik memorandumi imzolash borasida kelishuvga erishdi.