Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati oliygohning magistratura mutaxassisligida tahsil olayotgan talabalar bilan uchrashdi.
Institut rektori v.b. Eldor Shermanov bo‘lajak magistrlarning ilmiy ishlarga chuqur yondashishi, bu borada rahbariyat tomonidan barcha shart-sharoit yaratilishi ta’kidlandi.
“Magistratura talabasi o‘qishni boshlaganidayoq ilmiy ishini belgilab olishi hamda unga jiddiy yondashib, kelgusida soha rivojiga hissa qo‘sha oladigan bilim qoldirishi lozim. Oliygohimizda ko‘plab magistratura mutaxassisligini tugatgan talabalar faoliyat olib bormoqda. Chunki, yoshlar har qanday dargohga yangi nafas, yangi bilim va ko‘nikmalarni olib kiradi. Bu esa rivojlanish uchun xizmat qiladi”, dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.
Shu bilan birga, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektor Sobir Jumayev tomonidan talabalarning chet tili darajasini oshirish masalasi ilgari surildi. Bu borada institutda xorijiy til kurslari tashkil etilishi qayd etildi.
Qolaversa, yangilanayotgan Konstitutsiya bo‘yicha o‘tkaziladigan referendum mohiyati tushuntirib o‘tildi.
Davra suhbati tarzida o‘tgan uchrashuvda talabalarning taklif va muammolari tinglandi hamda ularga yechim topish borasida vazifalar belgilab olindi.