Xabaringiz bor, shu kunlarda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati ta’lim forumi doirasida Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi.

Bugun oliygoh rahbariyati Tyanjin konservatoriyasi bilan hamkorlik shartnomasi imzoladi.

Uchrashuv davomida ikki oliygoh o‘rtasida kelgusida talabalar almashinuvi hamda professor-o‘qituvchilar o‘rtasida malaka oshirish darslarini yo‘l qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ma’lumot uchun, 1958-yil tashkil etilgan Tyanjin konservatoriyasining kunduzgi bo‘limida bugungi kunda 3000 nafardan ortiq talaba tahsil oladi.

Mazkur ta’lim muassasasi Buyuk Britaniyaning York universiteti, AQSHning Morhed va Missuri universitetlari hamda dunyoning boshqa yirik oliygohlari bilan hamkorlik qiladi.