O‘zDSMIda navbatdan tashqari ilmiy Kengash bo‘lib o‘tdi
Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida rektor v.b. Eldor Shermanov boshchiligida institutning navbatdan tashqari ilmiy kengashi bo‘lib o‘tdi. Unda barcha prorektorlar, dekanlar, bo‘lim boshliqlari va kafedra mudirlari ishtirok etishdi.
Dastlab oxirgi yillarda institutning rivojlanib borayotgan xalqaro aloqalariga, O‘zbekiston madaniyati va san’atini dunyoga tanitishga ulkan hissa qo‘shib kelayotgan xorijiy hamkorlarga institutning faxriy professori unvonini berish masalasi ko‘rib chiqildi. Kengash a’zolari tomonidan O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi madaniyat markazi direktori Samir Abbasov, Qozon davlat madaniyat instituti rektori Ahmadiyeva Roza Shayxaydarovna va Ozarbayjon milliy maqom markazi direktori Sahib Pashshazodalarga O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining faxriy professori unvonini berish bir ovozdan ma’qullandi.
Shuningdek, kengashda ijro intizomi, xalqaro shartnomalar bo‘yicha biriktirilgan kafedralar tomonidan olib borilayotagan ishlar samaradorligi, 1-6-oktabr kunlari xorijdan tashrif buyurishi kutilayotgan mehhmonlarni kutib olish bilan bog‘liq chora-tadbirlar, ijara xonadonlari va talabalar turar joyi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va boshqa muhim masalalarga birma-bir to‘xtalinib, mas’ullar axboroti eshitildi.
Bundan tashqari, kengashda tashkiliy masala ham ko‘rilib institut magistratura bo‘limi boshlig‘i lavozimiga psixologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (Phd), dotsent Mahmudov A’zamjon Muxtorovich tayinlanib, uning faoliyatiga omad tilandi.