Xabaringiz bor, kuni kecha O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov tashabbusi bilan tashkil etilgan “Aktyor” loyihasi doirasida sahnalashtirilgan “Hayot bekati” nomli inklyuziv spektakl namoyishi bo‘lib o‘tgandi.

Bugun institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev ushbu inklyuziv spektaklni sahnalashtirishda tashkiliy va texnik masalalarda yaqindan yordam ko‘rsatgan institut talabalari bilan uchrashdi.

Dastlab, N.Sayfullayev ayniqsa, so‘nggi yillarda institutda ijodiy va ijobiy ishlar amalga oshirilayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Uning aytishicha, talabalar faolligi va ijodiy tashabbuslari institut nufuzining oshishiga, san’at ta’limining yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qilmoqda.

Rektor har bir talaba bu dargohning tarixi, unda faoliyat yuritgan ulug‘ ustozlarning hayot va ijod yo‘lini chuqur bilishi zarurligini alohida urg‘uladi. Uning fikricha, san’atkor o‘z ildizini, milliy merosni chuqur anglagan taqdirdagina haqiqiy ijod namunalarini yaratishi mumkin.

Uchrashuv chog‘ida N.Sayfullayev ushbu spektakl jarayonida jonbozlik ko‘rsatgan talabalarga o‘zining samimiy minnatdorligini bildirib, ularning fidoyiligi, mas’uliyati va ijodiy yondashuvini alohida e’tirof etdi.

Talabalar ham o‘z navbatida spektakl ularning hayotida o‘ziga xos ijodiy maktab bo‘lgani, inklyuziv teatr tajribasi esa ularga yangi dunyoqarash berganini ta’kidlashdi.

Shuningdek, uchrashuvda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Shohbek Ergashev, “Dramatik teatr va kino san’ati” kafedrasi mudiri v.b. Zamira Axmedova, spektakl ssenariy muallifi va sahnalashtiruvchi rejissyorlari — kafedra katta o‘qituvchilari Sevara Rajabova va Go‘zal Rashidovalar ham ishtirok etishdi.


Ular spektaklni tayyorlash jarayonidagi o‘z tajribalari, talabalar bilan ishlash bo‘yicha fikrlari bilan o‘rtoqlashib, kelgusida bunday ijodiy loyihalarni yanada kengaytirish rejalari haqida ham so‘z yuritishdi.

Uchrashuv yakunida spektaklni tayyorlashda faol ishtirok etgan talabalarga institut rahbariyati tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.