
Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev “Madaniyat va san’at menejmenti”kafedrasi mudiri, san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Sayfullo Ikromov bilan birgalikda O‘zbekiston davlat yoshlar teatrida “San’at sohasida prodyusserlik” ta’lim yo‘nalishi 4-bosqich talabalarining amaliy dars jarayonlari bilan yaqindan tanishishdi.
Mazkur darsni Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, institut dotsenti Farhod Jo‘rayev olib bordi. U dars davomida sahna jarayonlarini boshqarish, aktyorlar bilan ishlash, spektaklning dramaturgik tuzilishini tahlil qilish va prodyuserlik faoliyatining amaliy jihatlari bo‘yicha talabalarga kerakli ma’lumotlar berdi.
N. Sayfullayev dars jarayonlarini diqqat bilan kuzatar ekan, talabalarning tashabbuskorligi, sahnani texnik va badiiy jihatdan uyg‘unlashtirish borasidagi izlanishlari, ijodiy fikrlashi va mas’uliyatli yondashuvlariga guvoh bo’ldi.
Darsdan so‘ng talaba-yoshlar bilan bo’lib o’tgan ijodiy suhbatda N.Sayfullayev ushbu amaliy darslar aynan teatr sahnasida o‘tkazilishi, kelgusida ularning professional faoliyatida mustahkam poydevor bo‘lishini ta’kidladi.

Suhbat jarayonida talabalar o‘z qiziqishlari, hozirda olib borayotgan ijodiy izlanishlari, prodyuserlik faoliyatidagi ilk tajribalari va kelajakda amalga oshirmoqchi bo‘lgan ijodiy loyihalari haqida so‘zlab berishdi.
Muloqot chog‘ida N. Sayfullayev bitiruvchi talaba sifatida ularning kelgusidagi amaliyot maskanlari, qaysi teatr, telekanal yoki madaniyat muassasasida o‘zini sinab ko‘rmoqchi ekanliklari bilan qiziqdi.
Shuningdek, ularning bandligini ta’minlash, kasbiy jihatdan o‘sishiga ko‘maklashish, hamkor tashkilotlar bilan doimiy aloqani yo‘lga qo‘yish bo‘yicha bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan gapirib o‘tdi.
Uchrashuv yakunida ustozlar talabalarga o‘z kasbini puxta egallash, tajriba va malakani doimiy ravishda oshirib borish, ijodiy jasoratli bo‘lish hamda zamonaviy san’at jarayonlarini yaqindan kuzatib borish bo‘yicha muhim tavsiyalar berishdi.
