
Bugungi kunda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida tahsil olayotgan yosh ijodkorlarning xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlari yurtimiz kino maktabining salohiyati tobora ortib borayotganini yana bir bor namoyon etmoqda. Talabalarning nufuzli festivallardagi ishtiroki va yutuqlari ularga yaratib berilgan imkoniyatlar, о‘qitvchilar mehnati hamda talabalarning o‘z ustida tinmay ishlayotganining amaliy samarasidir.

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “Kino, televideniye va radio rejissyorligi” kafedrasi Rejissyorlik (kino va televideniye) ta’lim yo’nalishi 2-bosqich talabasi Oxunov Axadjon Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida bo’lib o’tgan “Взрослеем вместе” VII Xalqaro kinofestivalda o‘zining “Клоун” qisqa metrajli filmi bilan ishtirok etib, festivalda g‘olib deb topildi.

Shuningdek, 10–14 noyabr kunlari Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan “45-VGIK Xalqaro talabalar kino festivali”da ham ishtirok etib, uning mazkur filmi ko‘plab tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev yosh ijodkorni ushbu yutuqlar bilan tabriklar ekan, bu natija nafaqat institut, balki mamlakatimiz kino ta’limi va yosh ijodkorlar maktabi uchun katta faxr ekanini ta’kidladi. U Axadjonning ijodga jiddiy yondashuvi, izlanuvchanligi va professional o‘sishga bo‘lgan intilishini yuqori baholadi hamda bunday muvaffaqiyatlar boshqa talabalar uchun ham katta motivatsiya ekanini qayd etdi.

N.Sayfullayev ushbu “Клоун” qisqa metrajli filmining olinish jaryonlari, shuningdek, Axadjonning kelgusi ijodiy rejalari haqida sо‘rar ekan, institut yoshlar ijodini qo‘llab-quvvatlashda, ularning xalqaro tajriba orttirishi va yangi bosqichga chiqishi uchun doimo ochiq maydon bo‘lib qolishini aytib о‘tdi.
Shu o‘rinda biz ham Axadjon Oxunovning kelgusi ijod va o‘qishlarida muvaffaqiyatlar tilaymiz. Uning yangi loyihalari O‘zbekiston kino san’ati ravnaqiga munosib hissa qo‘shishiga ishonamiz.
