
Bugun poytaxtimizdagi Turkiston san’at saroyida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori Xayrulla Lutfullayevning 80 yilligiga bag’ishlangan ijodiy kecha bo’lib o’tdi.

Mazkur tantanali tadbirda Madaniyat vazirligi rahbariyati va xodimlari, keng jamoatchilik vakillari, san’at va madaniyat ustalari, ustozning kasbdoshlari, shogirdlari hamda uning oila a’zolari ishtirok etishdi.

Jumladan, O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev boshchiligidagi professor-o’qituvchilar hamda talabalar ham kechada faol qatnashdi.

Dastlab, O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti tomonidan tayyorlangan Xayrulla Lutfullayevning hayoti va ijodiy faoliyati haqida hikoya qiluvchi hujjatli film namoyish etildi.

O’zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ustozni qutlug’ 80 yosh bilan tabriklar ekan, yurtimiz san’ati va madaniyati rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashdagi fidokorona mehnati, o‘ziga xos ijro maktabi va pedagogik faoliyatini alohida e’tirof etidi. Shundan so’ng vazir Xayrulla Lutfullayevga “Madaniyat va san’at fidokori” ko’krak nishonini tantanali rashivda topshirdi.


Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Xasanov so’zga chiqib, ustozni insoniy jihatlari borasida iliq fikrlar bildirdi hamda “Ma’naviyat fidoiysi” ko’krak nishoni bilan taqdirladi.
Nuroniylar kengashi raisi Rustam Kalonov esa Xayrulla Lutfullayevni Nuroniy inson sifatida ko’rsatayotgan o’rnaklarini e’tirof etdi va esdalik sovg’alarini topshirdi.

Shuningdek, tadbir davomida O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi respublika Kengashi raisi Otabek Musayev “O’zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi lauryati” ko’krak nishonini topshirdi.
Kecha davomida ustoz yaratgan ijodiy meros nafaqat milliy qo‘shiqchiligimiz uchun bebaho boylik ekani ta’kidlandi.
Uning milliy an’analarimizni asrab-avaylash va yosh avlod qalbida san’atga mehr uyg‘otish borasidagi xizmatlari alohida e’tirofga sazovor ekani qayd etildi.

Shundan so’ng kechaning badiiy qismiga navbat berildi.
Unda tomoshabinlar e’tiboriga Xayrulla Lutfullayev ijodidan o’rin olgan qo’shiqlar, xalq sevgan ustoz san’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo’shiqlar havola etildi.

Aytish o’rinliki, mazkur tadbir san’at ahli, ustoz-shogirdlar, talabalar hamda ustozning muxlislari uchun katta madaniy voqea bo‘ldi.

