
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev Talabalar turar joyida bo’lib, u yerda yaratilgan sharoitlar, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini yana bir bor ko‘zdan kechirdi.

Dastlab, N.Sayfullayev talabalar turar joyida tashkil etilgan tikuv xonasiga kirar ekan, darsdan bo‘sh vaqtlarida qizlarning tikuvchilik hunarini o‘rganayotganliklarini guvohi bo‘ldi. Zamonaviy tikuv mashinalari, kerakli asbob-uskunalar va turli matolar bilan ta’minlangan ushbu joyda qizlar o‘z ijodiy g‘oyalarini amaliyotda sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘layotganliklarini ko‘rish mumkin.

Rektor tibbiyot xonasini ko’zdan kechirar ekan, u yerda birinchi yordam uchun zarur dori-darmonlar, tibbiy jixozlarning shaylik holatini o’rgandi. So’ng oshxonadagi sharoitlar bilan ham tanishdi. Talaba-qizlar bu yerda barcha sharoitlar mavjud ekanligini alohida ta’kidlab o‘tishdi.

N.Sayfullayev tozalik va xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilish, ayniqsa, gaz isitish uskunalari va elektr jihozlaridan ehtiyotkorlik bilan foydalanish, yong’in xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etish yuzasidan muhim tavsiyalarni berdi. Talabalarning takliflari va muammolarini tingladi.

Yoshlar bilan muloqot chog‘ida Nodirbek Sayfullayev bugun yurtimizda yoshlarga iste’dodlarini namoyon qilishlari, о‘z kasbining yetuk mutaxassisi bо‘lishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilganini, xususan, institutda ham talabalarning sifatli ta’lim olishlari va kelajakda yetuk ijodkor bо‘lishlari uchun barcha sharoitlar mavjud ekanligini alohida qayd etdi.

Talabalardan yagona talab, sifatli ta’lim olish hamda Muhtaram Prezidentimizning ishonchini oqlagan holda Yangi O’zbekiston san’atini yanada yuksaltira oladigan yetuk ijodkor bo’lish kerakligini ta’kidladi.

O‘z o‘rnida talabalar ham yashash sharoitlari hamda o‘qish jarayonlarida yaratilgan imkoniyatlar uchun avvalo Hurmatli Yurtboshimizga qolaversa, institut rahbariyatiga o‘z minnatdorliklarini bildirdi.
