
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti anjumanlar zalida Italiyaning Roma Tre universiteti prorektori, professor Anna Liza Totta, universitet professori Lara Konte, hamda MAXXI muzeyining hujjatlarni arxivlashtirish bo‘limi boshlig‘i Julia Pedache ishtirokida “Muzeyshunoslik: sotsiologik va san’at tarixi yondashuvlari o‘rtasida” mavzusida xalqaro onlayn master-klass tashkil etildi.

Mazkur ilmiy-mahorat darsi madaniyat, san’at, muzeyshunoslik va sotsiologiya yo‘nalishlari kesishmasida o‘zaro tajriba almashish, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida o‘tkazildi.
Tadbirda institutning “Madaniyat va san’at menejmenti” kafedrasi professor-o‘qituvchilari faol ishtirok etishdi. Ular o‘zlarining ilmiy izlanishlari asosida tayyorlangan ma’ruzalar bilan chiqish qilib, mavzu yuzasidan dolzarb fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Xususan, tarix fanlari doktori, professor Munisa Muxammedova “O‘zbekistonda muzey arxitekturasi va muzey dizayni rivojlanishi (XX asrning ikkinchi yarmi – XXI asr boshlarida)” mavzusida ma’ruza o‘qib, mamlakatimizdagi zamonaviy muzeylarning shakllanishi, ularning me’moriy yechimlari hamda ekspozitsiya tizimi rivojlanish bosqichlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, professor Manzura Yo‘ldosheva “Madaniyat vazirligi tizimidagi muzeylar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish” mavzusidagi chiqishida O‘zbekiston muzeylarining tashkiliy tuzilmasi, boshqaruv tizimi, hamda ularni samarali faoliyat yuritishga yo‘naltirilgan menejment mexanizmlari haqida so‘z yuritdi.

Ushbu qo‘shma onlayn mahorat darslarida kafedra mudiri, san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Sayfullo Ikramov, sotsiologiya fanlari doktori, professor Abdusalom Umarov, kafedra dotsentlari Xafiza Abdullayeva va Rahima Yusupova, shuningdek, “Madaniyat va san’at sohasi menejmenti” ta’lim yo‘nalishi 1-bosqich magistrlari hamda “Muzeyshunoslik” ta’lim yo‘nalishi 1-bosqich talabalari ham faol qatnashdilar. Ular mahorat darsi davomida o‘z fikr va takliflarini bildirib, xalqaro tajriba almashinuvida ishtirok etishdi.
Master-klass yakunida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda Roma Tre universiteti vakillari kelgusida muzeyshunoslik, menejment va turizm yo‘nalishlarida qo‘shma mahorat darslari, seminar va ilmiy loyihalarni tashkil etishga kelishib oldilar.
Institut vakillari o‘z navbatida Italiyaga tashrif buyurib, u yerdagi tarixiy va zamonaviy muzeylar faoliyati bilan yaqindan tanishish istagini bildirishdi. Shu bilan birga, Italiya universiteti vakillarini ham O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif etishdi.

Mazkur mahorat darsi O‘zbekiston zamonaviy muzeylarida muzey arxitekturasi va ekspozitsiya dizaynining vazifalari hamda o‘rnini chuqur tahlil etishga qaratilgan bo‘lib, mamlakat muzey amaliyotidan olingan aniq misollar asosida quyidagi jihatlar atroflicha o‘rganildi:
• tarixiy binolarni muzey maqsadlariga moslashtirish va ekspozitsiyalarni tashkil etish masalalari;
• maxsus qurilgan muzey binolari tarixining shakllanishi va ularning me’moriy yechimlari;
• zamonaviy muzey inshootlarining arxitektura xususiyatlari va ekspozitsiya sharoitlarini tahlil qilish;
• multimedia texnologiyalaridan foydalanish hamda ko‘chma (mobil) ko‘rgazmalar faoliyatini rivojlantirish tajribalari.
Tadbir so‘ngida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash, muzeyshunoslik sohasida qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish masalalari bo‘yicha kelishuvga erishildi.
