Xabaringiz bor, Hurmatli Yurtboshimiz rahbarligida 2025-yil 8-avgust kuni o‘tkazilgan oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash masalalari yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilishda bir qator vazifalar belgilangan.

O’zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida Andijon viloyati Madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Marhabo Sattarova ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuv ham ayni vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratildi.

Shuningdek, mazkur uchrashuvda viloyatdagi barcha madaniyat muassasalari, tegishli ta‘lim tashkilotlari rahbarlari, institut professor-o’qituvchilari hamda institutni 2025/2026 o’quv yilida tamomlayotgan Andijonlik talabalar ham ishtirok etdilar.

Yig‘ilishni institut O’quv ishlari bo’yicha prorektor Sobir Madiyev olib borar ekan, bitiruvchi yoshlarni o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ish bilan ta’minlash, ularni amaliy faoliyatga keng jalb etish hamda ta’lim jarayonini mehnat bozori talablari bilan uyg‘unlashtirish yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi.

Yig’ilish davomida hududiy madaniyat va san’at muassasalari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, bitiruvchi talabalar uchun amaliy mashg‘ulot va stajirovkalarni samarali tashkil etish, nafaqat teatr san`ati sohasida balki viloyat Madaniyat boshqarmasi tasarrufidagi teatrlar, kutubxonalar, muzeylar, bolalar musiqa san`at maktablari hamda madaniyat markazlarida ular uchun ish o‘rinlari yaratish borasida tashabbuslar ilgari surdi.

Uchrashuv chog’ida ta’kidlandiki, bugungi kunda mamlakatimizda Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshqa sohalar qatori ta’lim, madaniyat va san’at sohalarida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu islohotlarning bosh maqsadi yoshlarning kasbiy salohiyatini oshirish, ularni mehnat bozorida munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashishdan iborat.

Boshqarma boshlig’i M.Sattarova bitiruvchi talabalarni kelgusida o’z ish o’rinlarini topish va ularga amaliy yordam ko’rsatish bo’yicha o‘z takliflarini berdi.

Uchrashuv yakunida S.Madiyev bu kabi uchrashuvlar boshqa viloyatlar Madaniyat boshqarmalari bilan ham keng tarzda o‘tkazilishi lozimligini aytib, kelgusida mamlakatimiz san’at va madaniyat sohasi uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, yoshlar bandligini ta’minlash hamda ularning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish faqat hamkorlikda olib borilgan ishlar orqali o‘z samarasini berishini ta‘kidladi.