
Ayni paytda Madaniyat vazirining tegishli buyrug‘iga asosan, О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazida vazirlik tizimidagi davlat teatrlari va teatr-studiyalarida samarali faoliyat yuritib kelayotgan ijodiy xodimlar «Notiqlik san’ati» bo’yicha maxsus o’quv kurslarida malaka oshirmoqdalar.
Bugun O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev ushbu qisqa muddatli malaka oshirish o’quv kursi tinglovchilarining dasr jarayonlari bilan bevosita tanishdi.

Dastlab, N.Sayfullayev bugungi kunda Davlatimiz Rahbari tomonidan barcha sohalar xususan, san’at va madaniyat sohasiga berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik borasida o’z fikrini bayon etdi.
“Barchamizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi “Teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish va ular faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-399-son qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorda, mamlakatimizda teatr san’atini yanada rivojlantirish, teatrlar faoliyatini takomillashtirish va ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sohada ijodiy hamkorlik va erkinlikni ta’minlash, spektakllarning badiiy saviyasini oshirishni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, budjet mablag‘lari va boshqa resurslardan samarali foydalanish, sohaga jahon teatr san’atining ilg‘or tajribalari va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish vazifalarini amalga oshirish asosiy maqsad etib belgilab olingan”. – dedi rektor.
Shuningdek, bugungi kunda institutda yosh ijodkorlarga yaratilgan sharoitlar, xususan, qabul jarayonlarining adolatli va shaffof tarzda tashkil etish uchun qilingan ishlarga ham alohida to‘xtalib o‘tdi hamda bulardan ko‘zlangan yagona maqsad kelgusida san’at va madaniyat sohasiga har tomonlama yetuk kadrlarni yetkazib berish ekanligini qayd etildi.

Bundan tashqari, Respublika teatrlariga kadr yetkazib beruvchi yetakchi oliy ta’lim muassasasi sifatida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti barcha teatrlar bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

Shundan so’ng uchrashuv ochiq muloqot shaklida davom ettirildi.
Muloqot davomida tinglovchilar o’zlari faoliyat yuritayotgan teatrlarda sahna nutqi va sahna harakati bo’yicha yuzaga kelayotgan masalalarni bildirishdi. Bu boradagi taklif va tashabbuslarini aytishdi.
O’z o’rnida N.Sayfullayev tashabbuslarni ma’qullab, bu masalalar nafaqat o’quv kursi davomida balki, teatrlarda sahnalashtirilayotgan spektakl jarayonlarida bevosita institut “Sahna nutqi” kafedrasi professor o’qituvhilaring ishtirokini yo’lga qo’yish taklifini bildirib o’tdi.
Bu esa o’z o’rnida rol ijro etayotgan aktyorlarning ovoz imkoniyatlari va sahna nutqini yanada kengaytirishda samarali bo’lishi ta’kidlandi.

Shuningdek, muloqot chog’ida Notiqlik san’ati kurslarini qamrovini yanada oshirish, ularni muntazam tashkil etish borasida ham takliflar bildirildi.
Tinglovchilar bu kurslarda ko’plab yangi bilim va ko’nikmalarga ega bo’layotganlarini, bu bilimlar kelgusi ijodiy faoliyatlarida katta ahamiyat kasb etishini aytib o’tdilar.

Mazkur dars matn ustuda ishlash moduli bo’yicha bo’lib, “Sahna nutqi” kafedrasi professor v.b. o’qituvchilari Ramz Qodirov hamda Shokir Yusupovlar tomonidan olib borildi.
Nodirbek Sayfullayev ushbu jarayonni bevosita kuzatib bordi.

