
2025-yil 2-noyabr kuni Toshkent shahrida Ikkinchi O‘zbekiston–Xitoy ta’lim forumi o‘z ishini tantanali ravishda boshladi.
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qon‘iratboy Sharipov, Xitoy Xalq Respublikasi Ta’lim vaziri Xuay Tszin‘pen, shuningdek, ikki mamlakat ta’lim sohasi vakillari ishtirok etdilar.

Forumda ta’lim tizimini raqamlashtirish, ilmiy tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish, talabalar almashinuvi dasturlarini kengaytirish hamda sun’iy intellektni o‘quv jarayoniga integratsiya qilish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasida hamkorlikdagi yangi loyihalar va ilmiy dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha bir qator memorandumlar imzolandi.
Mazkur nufuzli tadbirda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti vakillari o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Sobir Madiev hamda Raqamli ta’lim texnologiyalari markazi rahbari Maksim Savochkinlar ham faol qatnashdi. Ular forum doirasida institutning xalqaro ta’lim aloqalarini yanada rivojlantirish borasida qator muzokaralar olib bordilar.
Tadbirning muhim natijalaridan biri — O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti bilan Xitoyning Anqing Normal University o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.
Anqing Normal University — Xitoyning Anhui viloyatidagi Anqing shahrida joylashgan, 1897-yilda tashkil etilgan yirik ta’lim muassasasi bo‘lib, bugungi kunda 18 ta fakultet va 69 ta bakalavr yo‘nalishida kadrlar tayyorlaydi. Universitetda ilmiy tadqiqot markazlari, xalqaro hamkorlik dasturlari va qo‘shma loyihalar faol amalga oshirilmoqda.

Imzolangan memorandum doirasida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida talabalar va o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, konferensiyalar hamda san’at va madaniyat sohalarida innovatsion dasturlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Umid qilamizki, bu hamkorlik O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ta’limiy va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlab, ikki davlat yoshlari ijodiy va ilmiy salohiyatining rivojiga xizmat qiladi.
