O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti tomonidan «San’atshunoslik va madaniyatshunoslikning dolzarb masalalari: muammo va yechimlar» mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy anjuman bo‘lib o‘tdi.

«Renessans» kino uyida tashkil etilgan mazkur anjumanda yurtimiz va jahon darajasidagi nufuzli mutaxassislar o’z ma’ruzalari bilan ishtriok etdilar.

Anjuman doirasida tashkil etilgan yalpi majlisni institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev kirish so‘zi bilan ochar ekan, jumladan shunday dedi: — Barchangizni ushbu nufuzli ilmiy anjumanda ko‘rib turganimdan bag‘oyatda mamnunman. Globallashuv va integratsiya shiddat bilan kechayotgan bugungi davrda milliy madaniyatni zamonaviy jarayonlarga moslashtirish, uni xalqaro miqyosda tanitish va rivojlantirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Prezidentimiz tashabbuslari asosida qabul qilinayotgan strategiyalar, davlat dasturlari va huquqiy hujjatlar soha rivojini yangi bosqichga olib chiqmoqda.

San’atshunoslik va madaniyatshunoslik fanida dolzarb masalalar chuqur o‘rganilmoqda, ilmiy tahlil, bahs va munozaralar, yangi nazariy qarashlar shakllanmoqda. Shu jihatdan, “San’atshunoslik va madaniyatshunoslikning dolzarb masalalari: muammo va yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-nazariy anjuman nafaqat muammolarni muhokama qilish, balki ularning yechimlari bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tashabbuslar ilgari surish uchun keng maydon vazifasini bajaradi deb ishonch bildiramiz.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov hamda Kinematografiya agentligi Bosh direktori Shuxratilla Rizayevlar so‘zga chiqib, anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi. Ular o‘z nutqlarida mazkur tadbirning ahamiyatiga alohida to‘xtalib, bugungi kunda mamlakatimizda madaniyat va san’at sohalarini rivojlantirish, ijodkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni e’tirof etdilar. Videoaloqa orqali konferensiya ishtirokchilariga tabrik so‘zi bilan Tyantszin musiqa konservatoriyasi prezidenti janob Vang Xonvey murojaat qildi.

Shuningdek yalpi majlisda Ozarbayjon davlat madaniyat va san’at universiteti rektori, professor Jeyran MAHMUDOVAning “Ozarbayjonda madaniy ta’limning dolzarb masalalari”, Qozon davlat madaniyat instituti rektori, professor Roza AXMADIYEVAning “Rossiya xalqlari etnomadaniy an’analarini aktuallashtirish”, Oltoy davlat madaniyat instituti rektori, professor Olesya KUTKINAning “Badiiy ta’lim tashkilotlari va madaniyat muassasalarining kasbiy hamkorligi davlatning ijtimoiy-madaniy sohasini rivojlantirish sifatida”, Sungkyul universiteti professori JIN-HVAN RAning “Ijtimoiy uygʻunlik sari: oʻzgalar qarashlarini jamiyat fikr-mulohazalariga singdirish”, Oʻzbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori Muhabbat TULYAXODJAYEVAning “Soʻzlovchi mizansahnalar: rejissura san’atida asarning gʻoyaviy-tematik mazmuni ifodasi sifatida”, Oʻzbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori Abduxalil MAVRULOVlarning“ Oʻzbekiston tarixi – madaniyat tarixi” nomli ma’ruzalari tinglandi. Yalpi majlis so’ngida ma’ruzachilar sertefikat va esdalik sovg’alari bilan taqdirlandilar.

Anjuman “San’atshunoslikning dolzarb masalalari: an’anaviylik va zamonaviylik” hamda “Ijtimoiy-madaniy faoliyatda integratsion va transformatsion jarayonlar” nomli sho‘balarda davom ettirilib, 40 ga yaqin ma’ruzalar tinglandi.

Konferensiya ma’ruzalari to‘plam sifatida nashr etildi.