
Sharqona yangi yil boshlanadigan qutlug‘ kun – Navro‘zi olam asrlar davomida bahor, ezgulik, mehr-oqibat, mehnat va bunyodkorlik ramzi sifatida el-yurtimizning ijtimoiy-ma’naviy hayotida beqiyos o‘rin tutib kelmoqda.
2025-yilgi Navro‘z bayrami «Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!» shiori ostida nishonlanadi. Ayni paytda yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 21-fevralda qabul qilingan “2025-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida“gi qarori asosida ushbu ayyomga tayyorgarlik davom etmoqda.
E’tiborli jihati, mazkur shodiyonalarga tayyorgarlik jarayonlarida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari ham faol ishtirok etishmoqda.
Bugun erta tongdan institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev bayram tanatanalariga tayyorgarlik jarayonida ishtirok etayotgan institut talabalari bilan uchrashdi.
Unda ushbu jarayon ijodkor talabalarining kelgusi faoliyati uchun ham katta ahamiyatga ega ekanligi yana bir bora ta’kidlandi. Qolaversa, talabalarning tayyorgarlik jarayonidagi faolliklari ham e’tirof etilib, ularga yangi sport kostyumlari va kepkalari taqdim etildi hamda moddiy rag’bat ham berilishi e’lon qilindi.