
Yig‘ilishda tegishli mutasaddilar ishtirok etdi.
Ma’lumki, joriy yilning 3-4-yanvar kunlari kafedralar faoliyatining 2024-yil yakunlari hamda 2025-yilda о‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligi hamda ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish bо‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtgan edi.
Bugun ushbu yig‘ilishda belgilangan vazifalarning kafedradagi ijrosi hamda o’quv, ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy yo’nalishlarda olib borilayotgan ishlar tanqidiy va tahliliy ko‘rib chiqildi.
Dastlab Nodirbek Sayfullayev kafedrada faoliyat yuritayotgan ayol professor-o‘qituvchilarni Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy qutladi. Shu bilan birga, soha rivojiga munosib ulush qo’shayotgan, ta’lim va tarbiya jarayonlarida o’z faolligi bilan ajralib turgan, yosh avlodni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo’shib kelayotganligi uchun kafedra professorlari – Muhabbat To‘laxo‘jayeva hamda Sabohat Xaytmetovalarga “Tashakkurnoma” hamda esdalik sovg‘alari taqdim etdi.
Yig‘ilish kun tartibidagi asosiy masalaga o‘tar ekan, rektor bugun mamalakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyatini to‘g‘ri anglash, ularni yosh avlod ong-u tafakkuriga singdirish zarur ekanligini alohida qayd etdi.
Shuningdek, “San’atshunoslik va madaniyatshunoslik» kafedrasi institutning eng oldi kafedralaridan biri bo‘lishi zarurligi, bugungi yig‘ilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham kafedradagi muammolarni o’rganish va ularga yechim topish hamda salohiyatini yanada mustahkamlashga qaratilgan taklif va mulohazalarni tinglash va amaliyotga tadbiq etish ekanligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng kafedra mudiri Faxriddin Abduvohidovning hisoboti tinglandi hamda muhokama qilindi. Kafedra a’zolari ham teatrshunoslik, kinoshunoslik, dramaturgiya, san’at jurnalistikasi, madaniyatshunoslik kabi sohalarning istiqboli hamda kafedraning kelgusi faoliyatiga oid fikr-mulohazalari va takliflarini bildirib o’tishdi.
Yig‘ilish yakunida institut rektorining 6-mart kunini institut miqyosida “San’atshunoslar va madaniyatshunoslar” kuni deb e’lon qilish hamda unga bag’ishlab konferensiya va seminarlar tashkil etish, shuningdek, o ‘quv yili yakuniga qadar kafedra professor-o‘qituvchilarining ilmiy maqolalaridan iborat to‘plam nashr etish taklifi yig’ilganlar tomonidan mamnuniyat bilan kutib olindi.