
Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 3-mart kuni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida tuzilgan Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha jamoatchilik Kengashining dastlabki yig’ilishi o’tkazilib, unda kelgusi rejalar muhokama qilingan edi.
Xususan, yig‘ilishda talabalar bilan ijtimoiy tarmoqdan foydalanish yuzasidan doimiy muloqot olib borish vazifasi belgilangan edi.
Bugun taniqli tele va radioboshlovchi Qunduzxon Abdullayeva tomonidan institutda ijtimoiy tarmoqlarda faol bo’lgan talaba-yoshlar uchun “Ijtimoiy tarmoqlarning talabalar hayotidagi ahamiyati” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Ijtimoiy tarmoqlar bugungi kunda talabalar hayotida muhim rol o’ynaydi. Ular o’qish jarayonini osonlashtiruvchi vosita, yangi bilimlar olish va tajriba almashish maydoni, shuningdek, do’stlar bilan aloqa qilish va yangi tanishlar orttirish imkoniyatini beradi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali talabalar o’z qiziqishlari bo’yicha guruhlarga qo’shilishlari, muhim ma’lumotlarga tezkor kirishlari, o’qish bilan bog’liq maslahatlar olishlari va hatto ish topishlari mumkin.
Shuningdek, o’z qiziqishlaridan kelib chiqib blog yuritayotgan talabalar uchun ijtimoiy tarmoqlar tanilish imkoniyatini ham taqdim etmoqda. Biroq undan foydalanishning ham o’ziga yarasha qonun-qoidalari, axloqiy jihatlari borligini ham unutmaslik lozim. Seminar-treningda shular haqida so’z bordi.