Xabaringiz bor, Xitoy Xalq Respublikasida 22–23-yanvar kunlari O‘zbekiston–Xitoy ta’lim forumi o‘tkaziladi.
Xitoy poytaxti Pekin shahrida o‘tkazilayotgan forumda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov hamda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Sobir Jumayev ishtirok etmoqda.
Forumda O‘zbekiston-Xitoy universitetlari o‘rtasida oliy ta’lim va ilm-fan yo‘nalishidagi aloqalarni jadallashtirish, o‘zbekistonlik talabalarning xitoy tilini chuqurroq o‘rganishlari uchun imkoniyatlarni kengaytirish, taʼlimda sunʼiy intellektni joriy etish, muhandislik, qishloq xo‘jaligi, energetika, raqamlashtirish, kimyo sanoati yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash, malaka oshirish, stajirovka o‘tash, spin-off korxonalarini tashkil etish, texnologiyalar transferini amalga oshirish, Xitoy texnologik parklari bilan o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilinadi.
Forum yakunida kadrlar tayyorlash, malaka oshirish, rivojlangan texnologik ishlab chiqarish sohalarining tajribasini O‘zbekiston oliygohlariga tatbiq etishga qaratilgan qator hamkorlik shartnomasi imzolanishi kutilmoqda.