O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Bahrullo Lutfullayev tavalludining 75 yilligi munosabati bilan oliygoh rahbariyati tomonidan ustoz san’atkor xotirasi yod etildi.

Ta’lim muassasasida uzoq yil fidoyi mehnat qilib, o‘zidan o‘lmas asarlar qoldirgan hamda ko‘plab shogirdlar yetishtirgan Bahrullo Lutfullayevning ijodiy xonasi ochildi. Marosimda institut rahbariyati, ustoz san’atkorning oila a’zolari, shogirdlari hamda «Vokal» kafedrasi o‘qituvchilari ishtirok etdi.

«Bahrullo Lutfullayev har tomonlama yetuk inson edi. Ustoz nafaqat san’at sohasida, balki insoniylik jihatdan o‘rnak bo‘lishga arzigulik inson edi. Ustozni chin ma’noda bilim bulog‘i, deyishimiz mumkin. U kishining o‘lmas asarlari kelajak avlod uchun ulkan meros bo‘lib qoladi», dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.

Shuningdek, kelgusida Bahrullo Lufullayev xotira kechasi tashkil etilishi ta’kidlandi. Tadbir davomida Bahrullo Lufullayev to‘g‘risida xotiralar aytib o‘tildi hamda ustoz san’atkor shogirdlari tomonidan go‘zal qo‘shiqlar kuylandi.

Ma’lumot uchun, Bahrullo Lutfullayev 1948-yilning 5-sentyabr kuni Jizzax viloyatining Forish tumanida tug‘ilgan. U 1972-yilda Toshkent davlat konservatoriyasi xor dirijyorligi, 1987-yilda bastakorlik ixtisosliklari bo‘yicha tamomlagan. 2003-yildan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida faoliyatini boshlagan. Bir necha yillar davomida O‘zbekiston radiosi musiqiy eshittirishlar bo‘limi bosh muharriri, “O‘zbekiston milliy teleradio kompaniyasida” musiqa studiyasining bosh muharriri lavozimida faoliyat yuritgan.

Kompozitorning “Samarqand ushshog‘i”, “Yor istab”, “Hazilkash shoh”, “Mangu mash’al” kabi musiqali dramalari, solist va xor uchun “Hur O‘zbekiston”, “Toshkentim bor” syuitalari, “Ona” poemasi, “Firoq” xor turkumi va boshqa bir qator asari ijodining yorqin namunalaridan hisoblanadi. Kompozitorning musiqali dramalari Muqimiy nomidagi “O‘zbek davlat musiqali drama teatri” repertuaridan keng o‘rin olgan.

1999-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan, 2001-yilda “Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist” unvoni bilan taqdirlangan. 2008-yilda “O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi” faxriy unvonini olgan. 2020-yil «Madaniyat va san’at fidokori» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. 2023-yil vafot etgan.