Joriy yilning 27-29-sentabr kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida O‘zbekiston-Turkiya III ta’lim forumi bo’lib o’tdi.
Mazkur forumda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining ijtimoiy rivojlantirish departamenti rahbari, Oliy taʼlim kengashi raisi Odil Abdurahmonov rahbarligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida 30 ga yaqin OTM rektorlari bilan birgalikda ishtirok etdik.
Forumning shoʻba yig‘ilishlari doirasida ikki davlatning 86 ta oliy taʼlim muassasalari rektorlari ishtirokida B2B shaklida qator hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Muzokaralar yakunida oʻzaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish borasida 60 dan ortiq memorandum, kelishuv va shartnomalar imzolandi.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining xalqaro aloqalarini yanada kengaytirish, yangi hamkorlar topishda mazkur forumning ahamiyati juda yuqori bo‘ldi.
Jumladan, forum doirasidagi tadbirlar bilan bir qatorda, Turkiya Respublikasining Ege universiteti rektori, professor Nejdet Budak, Gaziantep universiteti rektori, professor Arif O‘zaydin, Kayseri universiteti rektori, professor Kurtulush Karamustafa, Afyon Kojatepe universiteti prorektori, professor Shuayip O‘zdemir, Anqara universiteti rektori, professor Nejdet Unuvar hamda Bartin universiteti rektori Orhan Uzunlar bilan uchrashuv o‘tkazdik.
Uchrashuvlarda oliy ta’lim muassasalarining imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va kengaytirish, uning doirasida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, mazkur oliy ta’lim muassasalari bilan talabalar, magistrlar, ilmiy tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini tashkil etish, oliy ta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan konferensiya va simpoziumlarda o‘zaro professor-o‘qituvchilar ishtirokini ta’minlash, ilmiy maqola va tadqiqotlarni nashr qilishda hamkorlik qilish, videokonferensiyalar tashkil qilish, kelgusida qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish kabi muhim vazifalar qamrab olingan jami 6 ta hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, Istanbul texnika universitetida o‘tkazilgan forumning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “Folklor va etnografiya” kafedrasi o‘qituvchisi Kamoliddin Sunnatillayev ham o‘zining musiqiy chiqishi bilan ishtirokchilarning e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Bir so’z bilan aytganda, mazkur forumda ko‘plab ziyolilar bilan fikr va tajriba almashdik. Turkiyadagi ilmiy va ijodiy jarayonlar bilan yaqindan tanishdik.
Ma’lumki, 24-27-sentabr kunlari O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan birinchi O‘zbekiston-Italiya ta’lim forumi bo‘lib o‘tgan edi. Unda ham ikki tomondan 70 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.
Bunday forumlarning ko‘plab o‘tkazilayotganidan bilish mumkinki, jahonda barcha sohalar kabi yurtimizning ta’lim tizimiga ham qiziqish yuqori.
Buni yuqori darajada bo‘lib o‘tayotgan uchrashuv va tadbirlarda dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ham bot bot e’tirof etishmoqda.
Shubhasiz, bu e’tirof va qiziqishning zamirida Hurmatli Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan islohot va yangilanishlar, sohaga berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik mujassamdir.
O‘zbekiston davlat san’at
va madaniyat instituti rektori,
professor Nodirbek Sayfullayev