O‘zbekiston Kasaba uyushmalari saroyida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti ijodiy jamoasi tomonidan Buyuk shoir va mutafakkir, davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligiga bag‘ishlangan “NAVOIYDAN TARALGAN MANGU NAVOLAR” nomli JONLI IJROdagi teatrlashtirilgan konsert dasturi tashkil etildi.

O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayevning bevosita tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur konsert dasturida institut professor-o‘qituvchilari va iste’dodli talaba-yoshlari tomonidan Alisher Navoiy g’azallari kuyga solinib, mahorat bilan ijro etildi. Shuningdek, sahna ko‘rinishlarida shoirning hayoti hamda asarlaridan parchalar namoyish etildi. Bundan tashqari, dasturdan sevgi-muhabbat va vatanparvarlik ruhidagi kuy va qo‘shiqlar hamda she’rlar ham o‘rin oldi.

Konsert so‘ngida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov Alisher Navoiy o’zbek adabiyotining eng buyuk shaxslaridan biri ekanligini, uning ijodi nafaqat adabiyot, balki san’at va madaniyatining ham rivojida beqiyos ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi hamda konsertning eng muhim jihati uning ustoz-shogird an’analari asosida tashkil etilgani, sahnada san’at darg‘alari va yosh iste’dod egalari bir sahnada turib kuy-qo‘shiq va g‘azallar ijro etgani, bu esa talabalarning kelgusi ijodida muhim qadam bo‘lishini qayd etib, konsert tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirdi.

Nodirbek Sayfullayev konsertni tashkil etishdan asosiy maqsad Navoiyni anglash va anglatish, uning hikmatlarini hayotimizga tadbiq etishga hissa qо‘shish bo’lsa, yana bir maqsad yoshlarni ustozlari bilan bir sahnaga olib chiqish orqali ularga ijodiy tajriba to‘plashlariga, institutda olayotgan bilim va ko‘nikmalarini amalda qo‘llashlariga imkoniyat yaratish ekanligini qayd etib o‘tdi hamda bugun ustozlari bilan bir qatorda ilk bor katta sahnaga qadam qo’ygan iste’dodli talabalar, albatta, kelajakda el ardog‘idagi san’atkor bo‘lib yetishadi deya ishonch bildirdi. Shuningdek, kelgusida bu kabi tadbirlarni yana ko‘proq o‘tkazishni hamda qamrovini yanada kengaytirish maqsad qilinganini qayd etdi

Barchamizga ma’lumki, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti aktyorlik, rejissyorlik, kinoteleoperatorlik, san’atshunoslik, folklor ijrochiligi, milliy qо‘shiqchilik, xalq cholg‘ulari ijrochiligi, madaniyatshunoslik, kutubxonashunoslik hamda madaniyat va san’at menejmenti ta’lim yо‘nalishlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlovchi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan hisoblanadi.

“Navoiydan taralgan mangu navolar” nomli teatrlashtirilgan konsert dasturi bu so’zlarning yana bir isboti bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Zeroki bugun konsertga tashrif buyurgan har bir tomoshabin jonli ijrodagi kuy-qo’shiqlardan estetik zavq olish barobarida, Navoiy ijodining eng nozik qirralarini o‘zi uchun kashf eta oldi.