✔️Bugun kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev rahbarligida Teatr san’ati fakulteti tarkibidagi kafedralar faoliyatining 2024-yil yakunlari hamda 2025-yilda o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligi hamda ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Tanqidiy va tahliliy o‘tgan yig‘ilishda barcha prorektorlar, bo‘lim boshliqlari, fakultet dekani, fakultet tarkibidagi kafedralar (Dramatik teatr va kino san’ati, Musiqali teatr san’ati, Estrada va ommaviy tomoshalar san’ati, Qo‘g‘irchoq teatri san’ati, Sahna nutqi, Sahna harakati va jismoniy madaniyat, Vokal) mudirlari va professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Yig‘ilish avvalida Nodirbek Sayfullayev 2024-yil 22-noyabr kuni e’lon qilingan “Teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish va ular faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori sohada yangi davrni boshlab berganini, ushbu qaror institut, ayniqsa, Teatr san’ati fakultetining kelgusi faoliyati uchun dasturul amal bo‘lib xizmat qilishini, fakultetning kelgusi rejalari aynan usbu qaror ijrosiga qaratilishi lozimligini, bu hujjat orqali juda ulkan imkoniyatlar yaratilganini va ulardan unumli foydalanish lozimligini ta’kidlab o’tdi.

Har bir kafedra mudiri amalga oshirilgan ishlari va kelgusi rejalari bilan batafsil tanishtirdi. Ularning hisobotlari rahbariyat hamda professor-o‘qituvchilar tomonidan atroflicha muhokama qilinib, kerakli tavsiyalar berib o‘tildi.

Kafedralar faoliyati tanqidiy tahlil qilinib, rejalashtirilgan ammo bajarilmay qolgan ishlarga asosiy e’tibor qaratildi.

Shuningdek, kafedralarning kelgusi faoliyati qay tartibda amalga oshiriladi, qaysi vazifalar ustuvor bo‘ladi, ularning faoliyati qaysi mezonlarga ko‘ra baholanadi hamda kafedra institut va san’at va madaniyat rivoji uchun qanday rejalar va maqsadlarga ega kabi savollarga javob topish hamda muammolarni o‘rganish va yechim topish kabi jihatlar muhokama markazida bo’ldi.

Institut rektori kelgusida Muqimiy nomidagi musiqali teatrida Musiqali teatr san’ati kafedrasining, O’zbekiston davlat Yoshlar teatrida Estrada va ommaviy tomoshalar san’ati kafedrasining filiallarini ochish va talabalaring amaliyot bilan bog ‘liqligini yanada oshirish rejalashtirilayotganini, shuningdek, yuqoridagi qaror asosida talabalarning haftada kamida 2 kun teatrlarda amaliy mashg‘ulotlar olib borishi yо‘lga qо‘yilishi, bu esa institutimiz tayyorlayotgan kadrlar malakasining yanada yuqori bo‘lishiga hissa qo‘shishini aytib o‘tdi.

Ertaga 4-yanvar kuni xuddi shunday yig‘ilishlar Kino, televideniye va radio san’ati hamda Kutubxona-axborot faoliyati fakultetlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.