
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligiga bag‘ishlangan
“Shoh va shoir Bobur bo‘stoni,
Navolarning ezgu ummoni”
deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-badiiy kecha tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Rustam Mirvohid so‘zga chiqib Bobur hayoti va ijodi, uning milliy adabiyotimiz va madaniyatimizdagi ahamiyati, uning hayoti va ijodini o’rganish zarurati haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, “Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi, ayniqsa, «Boburnoma» asari yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyatga ega. Uning asarlari orqali yoshlar o’z xalqining tarixi, madaniyati, urf-odatlari haqida bilimlar oladi. Boburning jasorati, qat’iyati, vatanparvarligi, ilmga intilishi yoshlarda o’ziga xos ideal obrazni shakllantiradi”.
Tadbirda institut professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlari tomonidan “Ra’no kibi”, “Qaro zulfing”, “Oromijon”, “Guljamol”, “Lola”, “Rost maqomidan soqinomai savti kalon” kabi Bobur g‘azallari kuyga solinib ijro etildi. Shuningdek, uning ruboiylari va g ‘azallaridan namunalar ham o‘qildi.
“Qo‘g‘irchoq teatri san’ati” kafedrasi o‘qituvchisi Ulug‘bek Musinov Mirzo Bobur siymosida namoyon bo‘ldi. Musiqalar esa professor Ahmadjon Dadayev rahbarligidagi “Sayqal” ansabli tomonidan mahorat bilan ijro etildi. Konsert dasturi ssenariysi dotsent Isoqtoy Jumanovga tegishli bo‘lsa, dotsent Ilhom Sadikov badiiy rahbarligida o‘tdi. Shuningdek, Estrada va ommaviy tomoshalar rejissyorligi 3-bosqich talabasi Muhammadaziz Dilmurodov rejissyor sifati ishladi hamda dotsent Bahodir Magdiyev boshlovchilik qildi.