Dunyodagi har bir mamlakat o‘z aholisi soni va uning yashash holati bo‘yicha ishonchli ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida ro‘yxatga olish ishlarini olib boradi. Mazkur jarayon har besh yoki o‘n yilda amalga oshiriladi. Bu xalqaro amaliyotga doir tamoyil. O‘zbekistonda esa aholini ro‘yxatga olish ilk bor 1897-yilda amalga oshirilgan. Shundan so‘ng 1926, 1939, 1959, 1970, 1980, 1989-yilda o‘tkazilib, eng oxirgisida respublikamizda 19,7 million aholi yashayotgani qayd etilgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2015-yil 10-iyunda “2020-yilda aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasini qabul qildi. Unga ko‘ra, BMTga a’zo davlatlar mazkur 10 yillik raundda kamida bir marta aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olishni o‘tkazishi belgilab qo‘yildi. O‘zbekistonda ham aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan. Bunga 2020-yil 16-martda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonuni huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bu nima uchun kerak?

Eng avvalo, aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi (barcha yashash joylari bo‘yicha), oilaviy ahvoli, ma’lumoti, kasbi, uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi, turmush sharoitlari, mehnat resurslari, bandligi va ishsizligi, daromad manbalari kabi jihatlar bo‘yicha batafsil ma’lumot to‘planadi. Mazkur ko‘rsatkichlar orqali esa, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar hisoblanadi. Bu, o‘z navbatida, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash hamda oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqish imkoniyatini kengaytiradi. Bundan tashqari, aholi migratsiyasi bo‘yicha aniq ma’lumotlarni shakllantiradi. Shu bilan birga, uy-joylar infratuzilmasini yaxshilash, mehnat resurslaridan foydalanish va joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlarni ishlab chiqishda bu ma’lumotlar nihoyatda qo‘l keladi. Buning natijasida Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish ko‘rsatkichlarini shakllantirish va monitoringini yuritish, xalqaro tashkilotlar hamda foydalanuvchilar tahlillari uchun keng qamrovli axborot manbai yuzaga keladi.
Mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadrini ulug‘lash, aholi daromadlarini oshirish va ularga munosib turmush sharoitlarini yaratishga qaratilgan. Lekin joriy hisob bo‘yicha mavjud axborot aholi soni, yashash sharoiti, ma’lumoti, bandligi, yosh-jins tarkibi, millat tarkibi, hududlarda ularning joylashuvi va boshqa ijtimoiy-demografik o‘ziga xosliklar to‘g‘risida aniq xulosa hamda tahlillar qilishga yetarlicha imkoniyat bermayapti. Shuning uchun Prezidentimizning tegishli farmoni va hukumat qarorlariga asosan, respublikamizda aholini ro‘yxatga olishga puxta tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu jarayonda hududlarning xaritalari yangilanadi, mahallalardagi noaniq ko‘chalar nomlanadi, aholi yashayotgan turar va noturar joylar ro‘yxati tuzilib, raqamlanmagan xonadonlar raqamlashtiriladi. Yanada aniqroq aytganda, turar va noturar joylarning soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini o‘tab bo‘lgan binolarni belgilab olish bilan bir qatorda, tegishli hududlarda uy-joy, sanoat obyektlarini qurish va ta’mirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin bo‘ladi. Ana shu tadbirlar orqali respublikamizning yangi, mukammal kadastr xaritasi yaratiladi.
Mahalla xaritalarining to‘liq va to‘g‘ri bo‘lishi aholini ro‘yxatga olishni sifatli tashkil etish, sarflanadigan mablag‘lardan samarali foydalanilishini ta’minlashda asosiy omillardan biri hisoblanadi. Oldinda qilinadigan ishlarimiz ko‘p. Ularning o‘z vaqtida amalga oshirilishi natijasida yurtimizning har bir manzili, hatto chekka va olis mahalla-yu ko‘chalarigacha bo‘lgan barcha ma’lumotlarni o‘zida aks ettirgan yagona axborot bazasiga ega bo‘lamiz. Bu qimmatli ma’lumotlar mamlakatimizning keyingi demografik va ijtimoiy siyosatini belgilash bilan bir qatorda, respublika va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozlari, dasturlarini tuzishda keng qo‘llaniladi. Shuningdek, oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, keyingi o‘n yillikka mo‘ljallangan ijtimoiy dasturlarni shakllantirish, shifoxonalar, bolalar bog‘chalari, maktablar va uy-joy qurilishini rejalashtirishda keng foydalaniladi. Ro‘yxatga olish natijalarining nafaqat bugungi kun, balki kelajak avlodlar uchun ham ahamiyati katta. Bugun biz qanday yashaganimiz va qanday imkoniyatlarga ega bo‘lganimiz tarixga muhrlanib, avlodlarimiz uchun ma’naviy meros bo‘lib qoladi.