
Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida “Xavfsiz va sog‘lom poytaxt” shiori ostida “Giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish” hamda “Kiber jinoyatlarga qarshi kurash” mavzularida davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatida Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kafedra boshlig‘i, yuridik fanlari doktori, professor Maqsud Qalandarov, kafedra katta o‘qituvchisi Shohruh Qo’shboqov, magistratura tinglovchilari podpolkovnik Eldor Rahmatov va podpolkovnik Jonibek Samandarov, institut profilaktika katta inspektori Fayzulla Akbarovlar ishtirok etishdi.
Dastlab bugungi kunda eng dolzarb mavzulardan biri – giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi, ularga qaramlikdan saqlanish mavzularida so‘z bordi. Tadbirda ta’kidlanganidek, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularni giyohvandlik, psixotrop moddalarga ruju qo‘yishlarini oldini olish har qachongidan ham dolzarb muammoga aylanib bormoqda. Zeroki, so‘nggi yillarda yangi turdagi sintetik giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar paydo bo‘layotganligi, ular inson omilisiz internetning ijtimoiy tarmoqlaridan foydalangan holda aholi, ayniqsa yoshlar orasida oson tarqatilayotganligi holatlari kuzatilmoqda.
Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan bugun mamalakatimizda giyohvandlikni oldini olish, ayniqsa, yosh avlodni bu kabi illatlar ta’siridan asrash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 6-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish orqali ularning aholi salomatligi va mamlakatimiz genofondiga salbiy ta’sirini bartaraf etish strategik chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining mazmun-mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berib o’tildi.
Davra suhbatining ikkinchi qismida esa tobora avj olayotgan jinoyatlardan biri Kiber jinoyatlarga qarshi kurash haqida suhbat bo‘lib o‘tdi hamda talabalarga bugungi kunda kiberjinoyatlarning eng ko’p uchrayotgan turlari hamda undan samarali himoyalanish usullari, shu bilan birga, kiberjinoyat qurboniga aylanganda qanday yo’l tutish kabi masalalarda tushuncha berib o’tildi.
Shuningdek, talabalarning mavzular yuzasidan barcha savollariga mutaxassis tomonidan batafsil javoblar berildi.