Yodi hamisha yodimizda

Yodi hamisha yodimizda

O’zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida ustozlarni e’zozlanishi va ularga ehtirom ko’rsatish hamisha muhim ahamiyat kasb etgan. Ana shunday xayrli ishlardan biri Xalq ijodiyoti fakulteti “Madaniyat va san’at muassasalarini tashkil etish va boshqarish” kafedrasi tomonidan amalga oshirildi. Marhum ustoz Azamat Haydarovning xotirasini abadiylashtirish maqsadida professor Azamat Haydarov nomidagi o’quv xonasi tashkil etildi.
Yodi hamisha yodimizda
A.Haydarov 1957-yil 20-mayda Navoiy viloyati Nurota tumanida dunyoga kelgan. 1976-1980 yillarda Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat institutini (hozirgi О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti) tamomladi. Mehnat faoliyatini 1981-yilda Navoiy shahar 11-sonli umumta’lim maktabida musiqa fani о‘qituvchisi sifatida boshladi. 1982-yildan Navoiy viloyati Nurota tuman Markaziy madaniyat uyi direktori, 1983-yil Navoiy viloyati xalq ijodiyoti va madaniy-marifiy ishlar markazi Samarqand, Buxoro, Navoiy hududiy ilmiy-metodik markazi direktori, 1991-yilda Navoiy shahar A.Qodiriy nomidagi madaniyat uyi direktori, 1992-yilda Navoiy viloyati Madaniyat ishlari boshqarmasi boshligi, 1995-1996-yillarda О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi tinglovchisi, 1996-2000-yillarda Navoiy viloyati hokimining ijtimoiy masalalar bо‘yicha о‘rinbosari, 2001-2002-yillarda Madaniyat ishlari vazirligining Akademik va xalq badiiy jamoalar boshqarmasi boshlig‘i, 2002-yildan О‘zbekiston Davlat Konservatoriyasining “Malaka oshirish” fakulteti dekani va “Siyosiy fanlar” kafedrasi mudiri kabi mas’uliyatli lavozimlarda ishladi.

2004-yildan esa, О‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirining о‘rinbosari etib tayinlandi. Vazirlikdagi faoliyati bilan birga 2005-yili О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida 23.00.03 – “Siyosiy madaniyat va mafkurasi” ixtisosligi bо‘yicha siyosiy fanlar nomzodi ilmiy darajasini olish uchun “О‘zbekiston jamiyati siyosiy madaniyatida milliy-ma’naviy qadriyatlarning о‘rni” mavzusida ilmiy tadqiqot ishini himoya qilib, siyosiy fanlar nomzodi ilmiy darajasini oldi.

Shuningdek, 2008-yildan “О‘zbeknavo” estrada birlashmasi Bosh direktori, 2014-2017-yillarda Madaniyat va sport ishlari vazirligining Xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar respublika ilmiy-metodika markazi direktori vazifasini bajardi.
Yodi hamisha yodimizda
2017-yildan О‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi direktori lavozimida faoliyat kо‘rsatish bilan birga, 2016-2021-yillar mobaynida О‘zDSMIning “Madaniyat va san’at muassasalari faoliyatini tashkil etish va boshqarish kafedrasida talabalarga mutaxassislik fanlaridan darslar olib bordi.

Azamat Haydarovich 40 yildan ortiq ilmiy-pedagogik faoliyati davomida 1999-yili Manaviyat-huquqiy davlat tayanchi, 2008-yili Inson kamoloti va milliy manaviy qadriyatlar”, 2015-yili Ajdodlarimiz merosi milliy manaviyatimiz poydevori nomli risolalari va 2009-yili “Siyosiy madaniyat masuliyati monografiyasi, 2016-yili “Madaniyat va sanat muassasalarini tashkil etish hamda boshqarishga doir me’yoriy hujjatlar tо‘plami”, “Madaniyat va san’at sohasini boshqarish asoslari” hamda 2017-yil “Ijodiy faoliyatni rejalashtirish va boshqarish” о‘quv qо‘llanmalari, 2019-yil “Harakatlar strategiyasi va ma’naviy yuksalish”, “Madaniyat – milliy yuksalish poydevori” kabi uslubiy qо‘llanmasi va filologiya fanlari doktori, professor Mamatqul Jо‘rayev bilan hammualliflikda “О‘zbekiston baxshilari” kitob-albomi о‘zbek, rus va ingliz tillarida nashr etildi.

Yuksak tashkilotchilik salohiyati bilan “Navrо‘z” va “Mustaqillik kuni” davlat tadbirlari, “Buyuk ipak yо‘li”, “Nurli navolar”, “Boysun bahori”, “Xalqaro baxshichilik san’ati” festivallarini о‘tkazishda rahbarlik qildi. Yosh iste’dod egalarini har tomonlama qо‘llab-quvvatlash maqsadida “Mardu maydon” jonli ijro festivalini qayta tikladi. Uning sa’y-harakatlari bilan О‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamkorligida “О‘zbekiston – boqiy dostonim” respublika baxshilar tanlovi hamda badiiy havaskorlik san’atini rivojlantirish maqsadida “Yangi О‘zbekiston – dillarda doston” telefestivallari о‘tkazildi.

Azamat Haydarovich О‘zbekiston nomoddiy madaniy merosi taraqqiyoti rivojiga ham katta hissa qо‘shdi. Uning rahbarligida Nomoddiy-madaniy meros durdonalarini asrab-avaylash borasida “San’at va sayohat” kо‘rsatuvi tashkil etilib, respublikamizdagi 50 dan ortiq folklor-etnografik jamoalarining fonotekasi yaratildi. О‘zMTRK arxivida saqlanayotgan, atoqli baxshilar ijrosidagi dostonlar magnit tasmalardan zamonaviy format SD va DVD disklarga kо‘chirib о‘tkazildi. Yangidan 20 nafar xalq baxshilari ijrosidagi dostonlarning audio disklari tayyorlandi va mazkur audio yozuvdagi dostonlar qog‘ozga tushirilib, 10 ta doston kitob holatiga keltirildi.

A.H.Haydarov О‘zbekiston nomoddiy-madaniy meros obyektlari milliy rо‘yxatini shakllantirish, YUNESKOning Insoniyat nomoddiy-madaniy merosi Reprezentativ rо‘yxatiga “Palov madaniyati va an’analari”, “Baxshi san’ati” nomzodnomalarini tavsiya etishda katta izlanishlar olib bordi. Xalqaro va respublika festivallari, ilmiy-amaliy konferensiya va seminar-treninglarni tashkil etishda jonbozlik kо‘rsatdi. Madaniyat va san’at sohasi xodimlarining tilak va xohish-istaklarini chuqur о‘rganib, davlatimiz tomonidan qabul qilingan qaror va farmonlarga takliflar bildirgan va me’yoriy hujjat loyihalarini ishlab chiqish jarayonlarida bevosita ishtirok etdi.
Yodi hamisha yodimizda
Olimning madaniyat va san’at sohasining dolzarb nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan 300 ga yaqin ilmiy maqolalari xorij va republikamizdagi nufuzli gazeta va jurnallarda nashr etildi. Atoqli olim, mehribon va jonkuyar ustozning shogirdlari hozirgi kunda madaniyat va san’at muassasalari va tashkilotlarida tashabbuskor xodim va rahbarlik faoliyatlarida ishlab keldi. 2011-yilda О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan olimga dotsent va 2017-yilda professor ilmiy unvonlari berildi.

Uzoq yillik fidokorona xizmatlari munosib taqdirlanib, 1999-yil “Shuhrat” medali, 2019-yil “Madaniyat va san’at fidokori” kо‘krak nishoni, 2020-yil “Xalqaro oltin meros” medaliga sazovor bо‘ldi. Ushbu o’quv xonasida jihozlash ishlari davom ettiriladi.

image_pdfimage_print