
Joriy yilning 16-fevral kuni О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida institut rahbariyati, professor-о‘qituvchilar, dekan va dekan o‘rinbosarlari, kafedra mudirlari, ustoz-murabbiylar, tyutorlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Institut rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yо‘ldashev oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan ijobiy hamda samarali o‘zgarishlar, bu borada О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti faoliyati oldida turgan dolzarb vazifalar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, institutda tahsil olayotgan yoshlar institutda о‘rnatilgan ichki tartib qoidalariga nisbatan munosabati, odob-axloq masalalari, kiyinish madaniyati darslardagi ishtiroki, amaliy hamda nazariy mashg‘ulotlarda vaqtida qatnashishi, о‘g‘il-qizlarni о‘z ustilarida tinimsiz izlanishlar olib borishlari kabi masalalar muhokama markazida bo‘ldi. Yoshlar о‘rtasida kitobxonlikni yanada rivojlantirish bо‘yicha fikrlar bildirildi. Bu borada institutda amaliyotga joriy etilgan loyihalar haqida ma’lumotlar berildi.
Har bir dekan, kafedra mudirlari hamda tyutorlar talabalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi, ularning ta’lim olishi, ilm bilan shug‘ullanishi uchun sharoitlar yaratishga ko‘maklashishi lozim, – dedi institut rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yо‘ldashev. – Yigit-qizlarning o‘quv intizomini mustahkamlash, ularda ijodiy fikrlash, halollik, to‘g‘ri so‘zlik kabi xislatlarni shakllantirish borasida tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yishga harakat qilish kerak. Bugungi jadal rivojlanib borayotgan global davrda, har bir pedagog xodim milliy ma’naviyatimizni yuksaltirish, ulug‘ ajdodlarimizning o‘lmas merosini o‘rganishi hamda targ‘ib etishi, uning mazmun-mohiyatini yoshlarimiz ongu shuuriga singdirishga alohida e’tibor qaratishi kerak. Xususan, Alisher Navoiyning ijodiy merosi nafaqat xalqimizning, balki insoniyatning bebaho ma’naviy xazinasidir. Buyuk mutafakkirning serqirra ijodi asrlar mobaynida insoniyatni hamjihatlikka, ilm-ma’rifatga chorlab, xalqimiz uchun cheksiz faxr-iftixor timsoli bo‘lib kelmoqda. Qolaversa, yana boshqa buyuk allomalarimiz, mutafakkirlarimiz, millatimizning ziyolilari ham jamiyat rivoji, mamlakat farovonligi, tinchligu va xotirjamligini yoshlar tarbiyasi bilan bog‘laganlar.
Shunigdek, yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi “Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-60-sonli, “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-61-sonli qarorlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati, ularda belgilangan muhim vazifalar xususida so‘z yuritildi.
Qayd etildiki, taʼlim dargohlarning o‘ziga yarasha qonun-qoidalari, kiyinish odobi bor. Demak, kiyinish madaniyatiga eʼtiborni kuchaytirish kerak. Chunki kiyinish madaniyati atrofdagi voqea-hodisalarga nisbatan munosabatimizni ifodalaydi. Libos kishining didi, dunyoqarashi hamda xulq-atvoridan darak beradi. Аna shu odobga rioya qilgan holda har bir talaba o‘z vazifasini bajarishi va masʼuliyatni his qilishi darkor.
Qolaversa, e’tirof etildiki, yuksak maʼnaviyatli, mustaqil fikrlovchi, keng dunyoqarash, chuqur bilimga ega bo‘lgan tashabbuskor, shijoatli yoshlarning faolligini yanada oshirish masalasi ustozlardan yuksak kasbiy mahoratni talab etadi. Madaniyat sohasida bo‘lajak kadrlarni tayyorlash jarayonida institut auditoriyalaridagi sifatli darslar va amaliyot davomida olingan nazariy hamda amaliy bilimlarning roli beqiyosdir.
Yig‘ilish davomida talabalarning darsga qatnashishi, kunlik davomati, ularning tartib-intizomi haqida ham fikr yuritildi. Institutda о‘rnatilgan ichki tartib qoidalariga amal qilmayotgan talabalarning ota-onalari bilan alohida suhbatlar o‘tkazilishi kerak, ekanligi aytildi.
Qolaversa, tyutorlar ijarada istiqomat qilayotgan talabalar haqida to‘liq maʼlumotlarni olib, manzillariga borib, ularning yashash sharoitlarini o‘rganadi. O‘sha jarayonda yashash xonadonida oshxona jihozlari, muzlatkich, dars qilish uchun stol, o‘rindiq, kompyuter jamlanmasi, WIFI moslamasi, krovatlar mavjudligiga jiddiy ahamiyat qaratishi zarur. Gazdan foydalanish va is gazidan ehtiyot bo‘lishi va darslarga kech qolmasdan talaba formasida borishini tushuntirishi kerakligi qayd etildi.
Majlis davomida Talabalar turar joylaridagi sanitariya gigiyena holatlari, yotoqxonalarni yangi jihozlar bilan ta’minlash ishlari haqida fikr bildirildi. Ta’lim dargohining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish, ta’lim jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladigan yanada zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘quv jarayonlariga tadbiq etish borasida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilandi.
Ushbu yig‘ilishda barcha ishtirokchilarning kelgusidagi istiqbolli rejalarini belgilab olindi.