1

Yig‘ilishda dolzarb masalalar ko‘rildi

Yig‘ilishda dolzarb masalalar ko‘rildi

Joriy yilning 2-fevral kuni О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida institut rahbariyati, dekan va dekan o‘rinbosarlari, kafedra mudirlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.

Mazkur tadbir davomida yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar, aholi uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar, olis moziyda yashab o‘tgan ota-bobolarimizning jahon fani va madaniyatiga qo‘shgan hissalari, buyuk ajdodlarimizga munosib avlodni tarbiyalash, voyaga yetkazish, halol mehnat qilish, bilim olish borasida muhim fikrlar aytildi.

Qayd etildiki, davlatimiz rahbari bugungi kunda nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoning farovonligi uchun jon kuydirayotgan, mintaqani sanoati rivojlangan, obod va dunyo bilan keng integratsiyalashgan hududga aylantirish orzusi bilan yashab, shunga monand mehnat qilayotgan etakchi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan mamlakatimiz xalqaro jamoatchilik orasida ham o‘ziga xos va mos bo‘lgan o‘rnini topmoqda. Mamlakatning ichida kuzatilayotgan yangilanishlar Uchinchi uyg‘onish davrining o‘zagidir. Mamlakatimiz ichida ham, tashqi dunyo bilan munosabatlarda ham Yangi O‘zbekiston imiji yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Nafaqat mintaqa davlatlari, balki dunyoning yetakchi mamlakatlari ham O‘zbekistondagi ushbu yangilanishlarni katta qiziqish bilan kuzatib bormoqda va yuksak baholamoqda.

Shuningdek, mamlakatimizda oliy ta’lim sifatini tubdan yaxshilash yo‘nalishida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani hamda ushbu tizimda juda samarali o‘zgarishlar bo‘layotgani aytildi. Ta’lim berish samaradorligini oshirishga xizmat qiladigan xalqaro tajribalar e’tirof etildi.

–Ta’lim muassasamizda olib boriladigan masofaviy darslar “ustoz-shogird” an’anasini yanada keng miqyosda rivojlanishiga, talabalarning bilimini, iste’dodini, iqtidorini, qobiliyatlarini yanada oshirishga xizmat qilishi lozim, – dedi institut rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yо‘ldoshev. – Ayniqsa, bugungi jadal rivojlanib borayotgan global davrda, har bir pedagog xodim yoshlarning ta’lim tarbiyasi, madaniyati, masofaviy darslardagi ishtiroki, vaqtida qatnashishi, о‘g‘il-qizlarni о‘z ustilarida tinimsiz izlanishlar olib borishlari kabi masalalarga jiddiy ahamiyat qaratishi zarur. Shuningdek, milliy ma’naviyatimizni yuksaltirish, ulug‘ ajdodlarimizning o‘lmas merosini o‘rganish hamda targ‘ib etish, uning mazmun-mohiyatini yoshlarimiz ongu shuuriga singdirishga alohida e’tibor qaratish kerak. Xususan, Alisher Navoiyning ijodiy merosi nafaqat xalqimizning, balki insoniyatning bebaho ma’naviy xazinasidir. Buyuk mutafakkirning serqirra ijodi asrlar mobaynida insoniyatni hamjihatlikka, ilm-ma’rifatga chorlab, xalqimiz uchun cheksiz faxr-iftixor timsoli bo‘lib kelmoqda.

Professor Ibrohim Yо‘ldoshev tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi “Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-60-sonli, “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-61-sonli qarorlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati, ularda belgilangan muhim vazifalar, mamlakatimizda amalga oshiriladigan huquqiy va ijtimoiy o‘zgarishlar xususida so‘z yuritildi. Professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish, institut o‘quv jarayonlari samaradorligini oshirish maqsadida yangi, interfaol pedagogik texnologiyalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish, professor-o‘qituvchilar tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlari, monografiya, ilmiy ishlanmalarni nashrga tavsiya qilishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.

Shunigdek, yig‘ilishda Prezidentimizning 2021-yili “O‘zbekiston” nashriyoti tomonidan nashr etilgan “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” nomli kitobi Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi haqida xalqimizning fikr-mulohazalarini milliy qadriyatlarimiz negizida yanada rivojlantirish, ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi tub o‘zgarishlarni xalqimizning hayot tarziga singdirishga xizmat qilishi mamnuniyat bilan e’tirof etildi.

Ushbu asarning “Yangi O‘zbekiston strategiyasi”, “Xalqparvar davlat”, “Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish”, “Adolatli ijtimoiy siyosat”, “Ma’naviy taraqqiyot”, “Xavfsizlik va tashqi siyosat’, “O‘zbekiston va umumbashariy muammolar’ kabi 7 ta bo‘limning har birida mamlakatimizdagi ulkan o‘zgarishlar, olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ustuvor yo‘nalishlari, milliy taraqqiyot istiqbollari haqida so‘z yuritilgan. Asarning har bir bo‘limida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha erishilgan samarali natijalar hamda kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan maqsadlar haqidagi fikr-mulohazalar har bir fuqaroni ezgu tashabbuslar bilan ishlashga undaydi, yangi, ilg‘or g‘oyalarni ilgari surishga, o‘zi uchun, ona yurti, xalqi uchun yanada serg‘ayrat bo‘lib harakat qilishga chorlaydi. Kitob har bir o‘quvchida yangi O‘zbekistonning zamonaviy, demokratik qiyofasi qanday yaratilayotgani, mamlakatni yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tarish uchun belgilab olingan strategik yo‘l to‘g‘risida umumiy, yaxlit tasavvur uyg‘otadi.

Ushbu yig‘ilishda barcha ishtirokchilar o‘zlari uchun muhim bo‘lgan ma’lumotlarga ega bo‘ldi va kerakli xulosalar chiqarib, kelgusidagi istiqbolli rejalarini belgilab oldi.