
13-sentyabr kuni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida yangi o‘quv yili bilan bog‘liq yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilish davomida birinchi bosqich talabalariga yaratilgan imkoniyatlar; kuzatilayotgan kamchiliklar muhokama qilindi.
Institut rektori, professor Ibrohim Yuldashev bir qator muammolarni sanab o‘tdi va ularni bartaraf etish yuzasidan topshiriqlar berdi.
“Oliy ta’lim muassasasining o‘qituvchisi nihoyatda zakiy, bilimli va o‘qimishli bo‘lishi lozim. Eski illatlardan qutulish kerak. Bugun yangi davr. Har bir o‘qituvchi o‘zining vazifasi nima ekanligini anglamog‘i darkor. oldimizda bartaraf etish lozim bo‘lgan kamchiliklar yetarlicha. Sizlardan faqat bitta narsa talab qilinadi — mehnat qilish.
Dars jarayonlarining nazoratini dastlabki kundan tizimli amalga oshirishimiz kerak, aks holda kech bo‘ladi. Prezidentimiz ta’lim sohasiga alohida e’tibor qaratmoqda. Sifatli darslarni tashkil etish uchun nima yordam kerak bo‘lsa, barchasiga tayyormiz”, dedi O‘zDSMI rektori.
Shuningdek, talabalar o‘rtasida “Yangi O‘zbekistonning yangi talabalari” mavzusida insholar tanlovi o‘tkazilishi belgilab olindi. Eng yaxshi ijodiy ishlar to‘plam holida nashr etilishi aytib o‘tildi.