Xorijiy bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirish rivojlanish poydevorlaridan biri sanaladi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov institut qoshidagi malaka oshirish markazi tinglovchilari bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida o‘quv jarayonlari, nazariy bilimlarni amaliyotga tatbiq etish hamda xorijiy tajribalarni o‘rganish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
“Janubiy Koreyaga tashrifimiz davomida u yerdagi rivojlanishdan hayratda qoldik. Shu bilan birga, koreys xalqi madaniyati bilan ham odamning havasini keltiradi. Ular o‘z milliy qadriyatlarini saqlab qolgan holda rivojlanish yo‘lidan bormoqda. Biz shu kabi xalqaro hamkorliklarni jonlantirish orqali xorijiy mamlakatlardan ko‘p narsa o‘rganishimiz mumkin. Koreyalik vakillar yigirma yilda shu darajaga erishganini ta’kidladi. Buning uchun ular o‘z yoshlarining katta qismini boshqa xorijiy mamlakatlarga o‘qigani yuborganini ta’kidladi. Ular qaytib kelishgach, o‘rgangan tajriblarini mamlakatda qo‘llay boshladi. Biz ham o‘z yoshlarimizni xorijiy bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishi uchun chetga yuborsak, o‘sishga erishamiz. Qolaversa, institutga xorijiy talabalarni jalb etish orqali kelgusida o‘z milliy madaniyatimizni xorijga yoyish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Buning uchun hatto ular to‘lashi lozim bo‘lgan kontrakt summasini ham pasaytirishga harakat qilamiz”, – dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.
Tashrif so‘ngida malaka oshirish markazi tinglovchilari tomonidan bildirilgan taklif va muammolar tinglandi. Qolaversa, taniqli professor-o‘qituvchilar, san’at arboblari jalb etilib, ular tomonidan mahorat darslari tashkil etilishi aytib o‘tildi.