1

Xo‘jalik xodimlari — jamoamizning qadrli insonlari

Xo‘jalik xodimlari — jamoamizning qadrli insonlari

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti xo‘jalik bo‘limi xodimlarining xizmatlari e’tirof etilgan holda ularga maxsus qishki kiyimlar hamda sovg‘alar taqdim etildi.

“Xo‘jalik xodimlari institut jamoasining bir bo‘lagi sanaladi. Institutga tashrif buyurgan kishi avvalo, sizlarning faoliyatingiz bilan to‘qnash keladi. Shu bois, sizlarning xizmatlaringiz alohida ahamiyatga molik sanaladi. Shu bois, sizlarga ijtimoiy-moddiy ko‘mak berishga harakat qilamiz. Zamon rivojlanib borgan sayin arzimas maosh evaziga oilani boqish, ro‘zg‘ordan orttirish qiyin. Albatta, bugun madaniyat va san’at sohasiga katta e’tibor qaratilmoqda. shu bilan bir qatorda, xo‘jalik xodimlarini ham zahmatkash mehnatini e’tirof etish joiz. Masalan, farroshlarimiz qorli-qirovli kunlarda ham tong sahardan o‘z vazifasini bajarishga kirishadiyu, nega biz ularga hech bo‘lmaganda qishki kiyim olib bera olmas ekanmiz. Ularning maoshi past bo‘lsa, hech kim e’tibor bermasa, dardini birov tinglamasa, u xodim qanday ro‘zg‘or tebratsin? Ular jamoamizning qadrli insonlaridan biri. Biz xo‘jalik xodimlariga imkon qadar yordam berishga harakat qilamiz. Ularning xizmati munosib rag‘batlantirib boriladi”, – dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.

Qayd etilishicha, institutda eng fidoyi, zahmatkash mehnat qilayotgan xo‘jalik xodimlari yil davomida moddiy tarafdan mukofotlanib boriladi. Shuningdek, ularga tug‘ilgan kun hamda to‘y marosimlarida ko‘maklashish lozimligi aytib o‘tildi.

Shuningdek, xodimlarda mavjud muammolar o‘rganildi hamda ularni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

“Hech kimning dardi ichida qolib ketmasligi kerak. Biz imkon qadar yordam berishga tayyormiz. Faqatgina bir tan, bir jon bo‘lgan holda jamoa bo‘lib ishlaylik. Har bir xodimning mehnati munosib rag‘batlantirilishi lozim”, – deya qo‘shimcha qildi Eldor Shermanov.

Uchrashuv so‘ngida xo‘jalik xodimlari tomonidan e’tibor uchun minnatdorchilik bildirildi.