1

Xalqaro konferensiya sho‘ba yig‘ilishiga O‘zDSMI rektori Ibrohim Yo‘ldoshev moderatorlik qildi

Xabar berganimizdek, joriy yilning 19-21 may kunlari poytaxtimizda “Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” mavzusidagi XIV – xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Mazkur nufuzli anjumanda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yo‘ldoshev ishtirok etmoqda.

Xalqaro konferensiya bugun sho‘balarga bo‘lingani holda o‘z ishini davom ettirdi.“Kutubxona xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish muammolari hamda istiqbollari” mavzusida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida o‘tkazilayotgan 6-sho‘ba yig‘ilishiga O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yo‘ldoshev moderatorlik qildi.

Xalqaro anjumanning ikkinchi ish kuni ham samarali o‘tdi. Unda dunyoning qator davlatlari, mamlakatimiz soha xodimlari tomonidan “Markaziy Osiyo ta’lim muassasalari va kutubxonalarining kutubxona xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlashdagi transmilliy o‘zaro harakati”, “Zamonaviy universitetda talaba intellekti madaniyatini shakllantirishda kutubxona o‘rni: Nazarboyev Universiteti kutubxonasi tajribasi”, “O‘zbekiston kutubxona tarmog‘i uchun raqamli davrda kadrlar tayyorlash amaliyoti”, “Tatarston Respublikasida kitob bozori. Hukumat idoralari, kitob savdo tuzilmalari va noshirlarning o‘zaro harakati: bugungi holati, tendensiyalari va rivojlanish istiqbollari” singari qator mavzularda ma’ruzalar qilindi.

Qizg‘in bahs-munozara, savol-javoblar asnosida kechgan xalqaro anjumanda qatnashchilar axborot-kutubxona yo‘nalishi talabalarining psixologik-pedagogik ko‘nikmasini shakllantirish, jamiyatni raqamlashtirish sharoitida axborot-kutubxona ta’limi takomillashtirilishining zamonaviy talablari, kasb-hunar ta’lim muassasalarida axborot-kutubxona markazlarining roli, ahamiyati va vazifalari kabi masalalar borasida fikrlashib oldilar.

Shuningdek, konferensiya doirasida : «Kutubxona kadrlar salohiyatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha xalqaro kooperatsiya» mavzusida davra suhbati ham bo‘lib o‘tdi.
SHo‘balarga bo‘lingani holda o‘z ishini davom ettirgan Xalqaro anjumanda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professor-o‘qituvchilari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.

Ertaga anjuman doirasida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va Ozarbayjon Milliy kutubxonasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanishi rejalashtirilgan. Shuningdek, konferensiya dasturidan tadbir qatnashchilarini Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylariga tashrif buyurishlari ham o‘rin olgan.

 

Matbuot kotibi