
2022-yil 21-aprel kuni Toshkent viloyati “TURON” axborot-kutubxona markazida II-Respublika kitobxonlik haftaligi doirasida Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Joʻrayevich Yuldashevning “Himmatning qiymati” nomli kitob taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Ushbu taqdimotda Ozarbayjon milliy madaniyat markazi xodimlaridan Kifoyatxonim Pirmamedova, Yusuf Mamedov, Turkiya Respublikasi elchixonasining matbuot maslahatchisi Xamdi Turshudju, ichki ishlar maslahatchisi Murod Karausta, Oʻzbekiston davlat sanʼat madaniyat instituti professori, sotsiologiya fanlari doktori Abdusalom Umarov, filologiya fanlari doktori, professor Maʼrufjon Yoʻldoshev, Vahobjon Rustamov, Rahima Yusupovalar soʻzga chiqib ushbu kitob haqida oʻzlarining fikr va mulohazalarini aytib oʻtdilar.
Shuningdek, tadbirda Chilonzor tumani hokimligi maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi, Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi oʻquvchilari, Shayxontoxur tumani 207 – umumtaʼlim oʻrta maktabi oʻquvchilari hamda Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti talabalari faol ishtirok etdilar. Ayniqsa, ushbu kitobning mazmun-mohiyatini ochib berishda OʻzDSMI talabalari hamda 207-maktab oʻquvchilari tomonidan tayyorlangan badiiy-kompozitsiyalar tadbir ishtirokchilarida katta taassurotlar qoldirdi.
Tadbir tashkilotchilari OʻzDSMI dotsenti V.Rustamov, katta oʻqituvchi R.Yusupovalar oʻquvchi va talabalar bilan kitobxonlik, mutolaa madaniyatini oshirishga qaratilgan turli savol-javoblar, konsert dasturi, oʻyinlar tashkil etib dasturning mazmunini boyitdilar.