
Bugun Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga Turkiyaning Bog‘chashahar universiteti “Kino va televediniye” kafedrasi rahbari Nihal Ulusoy va mazkur oliygoh talabalari tashrif buyurdi.
Tashrif davomida Nihal Ulusoy O‘zDSMI rektori Ibrohim Yuldashev bilan uchrashdi. Uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiya oliygohlarining kino sohasidagi hamkorliklari muhokama qilindi.
Muzokara tarzida boshlangan uchrashuv o‘ziga xos tadbirga aylandi. “Folklar va etnografiya” kafedrasi talabalarining chiqishlari bilan boshlangan ijodiy tanishuv “Cholg‘u ijrochiligi” kafedrasi talabalarining chiqishlari bilan davom etdi.
Shuningdek, Nihal xonim va Bog‘chashahar universiteti talabalari O‘zDSMining sport majmuasi va suzish havzasi bilan ham tanishdi.
Qolaversa, mehmonlar “Ovoz yozish va operatorlik mahorati” kafedrasi faoliyatini o‘rgandi.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalarining tayyorlagan animatsion ijodiy ishlari va zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan ovoz yozish studiyasi mehmonlarda iliq taassurot uyg‘otdi.
Bundan tashqari, turkiyalik mehmonlar Teatr san’ati fakulteti 4-bosqich talabalari dars jarayonining guvohiga aylanishdi.
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Munavvar Abdullayeva boshchiligida diplom spektakliga tayyorgarlik jarayonidan parchani tomosha qilgan mehmonlar O‘zDSMIning bu sohadagi tajribasiga ham yuqori baho berishdi.
Uchrashuv so‘ngida ikkala tomon o‘zaro hamkorlik qilishga kelishib olishdi.