1

Toshkent viloyatidagi musiqa va san’at maktablari bilan hamkorlik shartnomasi imzolandi

Toshkent viloyatidagi musiqa va san’at maktablari bilan hamkorlik shartnomasi imzolandi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati Toshkent viloyatidan tashrif buyurgan musiqa va san’at maktablarining rahbarlari bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida o‘zaro hamkorlik borasida bir qator kelishuvlarga erishildi. Jumladan, viloyatdagi musiqa va san’atga ixtisoslashtirilgan maktablarda tahsil olayotgan o‘quvchilarni maqsadli tayyorlov asosida institutga jalb etib, oliygohda ular uchun xalq xofizlari, professor-o‘qituvchilar ishtirokida mahorat darslari tashkil etish, qolaversa, o‘quvchilarni madaniyat va san’at muhiti bilan tanishtirish masalasi ilgari surildi.

“So‘nggi yillarda institutimiz bilan musiqa va san’at maktablari o‘rtasida muntazam aloqalar yo‘lga qo‘yilmagan. Qolaversa, oliygohimizda ushbu maktab bitiruvchilarining qamrov darajasi yuqori emas. Toshkent viloyati san’at jabhasida katta qudratga ega. Shu bilan birga, sohamizda ustoz-shogird an’analari muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, biz o‘quvchilarni jalb etish orqali ularni institut muhiti, undagi ta’lim jarayoni bilan tanishtirib, yoshlarning kelajagiga bo‘lgan ishtiyoqini orttirishni maqsad qilganmiz. Prezidentimiz sohamizga katta e’tibor qaratmoqda. Biz bu ishonchni oqlashimiz lozim. 2023-yil O‘zbekistonning barcha hududlaridagi musiqa va san’at maktablari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganmiz”, – dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.

Bundan tashqari, institut ko‘magida musiqa va san’at maktablarini xalqaro tanlovlarga jalb etish, ular bilan doimiy aloqa o‘rnatish borasida kelishuvga erishildi. Shuningdek, institutning professor-o‘qituvchilari ishtirokida viloyatdagi musiqa va san’at maktablarida ham mahorat darslari tashkil etilishi belgilandi.