Teatr san’ati ta’limida aktyorlik va rejissura muammolari muhokama qilindi

Teatr san’ati ta’limida aktyorlik va rejissura muammolari muhokama qilindi

Bugun Teatr san’ati fakulteti “Musiqali, dramatik teatr va kino san’ati” kafedrasi tomonidan “Teatr san’ati ta’limida aktyorlik va rejissura muammolari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi. Unda fan doktor va professorlar, sohaga oid tashkilot rahbarlari, kafedra o‘qituvchilari va boshqalar ishtirok etdi.

Ushbu konferensiyani O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov ochib berdi.

“Bugungi kunga kelib, mamlakatimizda barcha san’at turlari singari teatr sohasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu jumladan, institutimiz talabalari tomonidan bir qator yangi spektakllar namoyish etilmoqda. Bizda bu kabi sahna asarlar merosi bisyor, afsuski, ularning ko‘pgina qismi videotasmalardan o‘rin olmagan. Endilikda sahnalashtiralayotgan barcha asarlarni tasvirga olishni, shuningdek, spektakllarni Respublika oliygohlari bo‘ylab namoyish etishni rejalashtirilganmiz. Biroq shuni unutmaslik kerakki, sahnalashtirilayotgan asarlar ilk navbatda inson qalbiga yetib borishi lozim”, dedi oliygoh rektori.

Konferensiyada professor-o‘qituvchilar “Rejissorning ijodiy shakllanishida pedagogikaning ahamiyati”, “Madaniyat va san’at sohasida kadrlar tayyorlashning dolzarb muammolari”, “O‘zbek musiqali teatr san’atining rivojlanish bosqichlari”, “Bahodir Yo‘ldoshev rejissurasining ayrim xususiyatlari”, “To‘g‘ri tanlov — ijod muqaddimasi” kabi dolzarb mavzularda o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Konferensiya munozaralarga boy tarzda o‘tkazildi va yakunda rezolyutsiya qabul qilindi.

image_pdfimage_print