Teatr san’ati fakulteti yigit-qizlari talabalik qasamyodi qabul qildi

Bugun Teatr san’ati fakulteti 1-bosqich talabalari tomonidan yangi o‘quv yiliga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Unda institut rahbariyati, fakultet dekani, kafedra o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.
Ushbu tantana avvalida davlat madhiyasi ijro etildi.
Tadbirni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Ibrohim Yuldashev ochib berdi.
“Bugun nihoyatda quvonchli kun sanaladi. Talaba bo‘lish — ajoyib baxt. Mashaqqatli sinovlardan o‘tgan talabalarni tabriklayman. Hayot kurashlardan iborat. Shu bois, siz talabalarga ilm yo‘lida kurashdan, bilim olishdan to‘xtamang deb qolaman. Biz esa barcha sharoitlarni yaratamiz”, — dedi institut rektori.
Institut rektori ramziy tarzda joriy yil eng yuqori ball bilan o‘qishga qabul qilingan fakultet talabasiga talabalik guvohnomasini topshirdi.
Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Eldor Shermonov esa ramziy kalitni quticha ichidan tanlab olingan omadli talabaga topshirdi.
Tadbir davomida bir-biridan qiziqarli ko‘rinishlar, monologlar, qo‘shiqlar, parodiyalar tashrif buyurgan tomoshabinlarning olqishlariga sazovor bo‘ldi.
Bayram so‘ngida fakultetning barcha birinchi bosqich talabalari qasamyod qabul qildi.
Quyida ushbu bayramga oid fotosuratlar jamlanmasini tomosha qilishingiz mumkin.