Teatr san’ati fakulteti talabalari gender masalalariga bag‘ishlangan mintaqalararo tadbirda ishtirok etdi

Joriy yilning 29-30-noyabr kunlari Toshkent shahrida gender masalalariga bag‘ishlangan mintaqalararo davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad Markaziy Osiyo davlatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlarining Xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash hamda ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha amaldagi tajribalarini umumlashtirish hisoblanadi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tashabbusi bilan BMTTD O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda hamda BMTTD “Najot nuri” mintaqaviy dasturi doirasida joriy yilning “Ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish uchun birlashing” nomli asosiy g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan holda har yilgi global “Gender asosidagi zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar” kampaniyasi davrida o‘tkazildi.
E’tiborli jihati, mazkur tadbirda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Teatr san’ati fakulteti talabalari ham ishtirok etib, dolzarb mavzularga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlari orqali ishtirokchilarning tahsiniga sazovor bo‘ldi.
Seminarda Markaziy Osiyo davlatlari (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston) ning huquqni muhofaza qiluvchi organlari, xususan prokuratura va ichki ishlar organlari xodimlari, nodavlat tashkilotlar vakillari va xalqaro ekspertlar hamda chet el elchixonalaridan vakillar ishtirok etdi.
Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari vakillari hamda halqaro ekspertlar tomonidan qonunchilikdagi gender zo‘ravonligi tushunchasining huquqiy aspektlari, xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash hamda ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, gender hamda korrupsiya, ichki ishlar organlari xodimlarining zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlar bilan ishlash bo‘yicha tajribasi, odil sudlov tizimi doirasida gender problematikasining dolzarbligi mavzulari doirasida taqdimot hamda ma’ruzalar tinglandi.
Ushbu mintaqalararo ikki kunlik seminardan kutilgan natija – huquqni muhofaza qiluvchi organlar orasida zo‘ravonlikdan jabrlanganlar bilan ishlashda standart algoritmlar harakatini yo‘lga qo‘yish hamda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq holatlari bo‘yicha statistik ma’lumotlarni o‘zaro almashish va shu orqali huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasida mintaqalararo hamkorlikni o‘rnatishdan iborat.