Teatr san’ati fakulteti professor-o‘qituvchilari xorijga stajirovkaga yuboriladi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov “Estrada va ommaviy tomoshalar san’ati” kafedrasi faoliyati bilan tanishdi.
Uchrashuv davomida Estrada san’ati rivoji yo‘lida hissa qo‘shgan fidoyilar e’tirof etildi. Xonanda Shohruhxon, aktyor va boshlovchi Alisher Uzoqov, O’zbekiton Respublikasida xizmat ko’rsatgan artist Muhabbat Gulyamova (Qurbonova), O’zbekiton Respublikasida xizmat ko’rsatgan artist Shodiya Abduqodirova (To’xtayeva), “Nihol” Davlat mukofoti sovrindori Saida Saidbekova shular jumlasidan.
Shu bilan birga, mazkur yo‘nalishda tahsil olgan el suygan san’atkorlar yodga olindi hamda kelgusida shu kabi iste’dodli ijodkorlarni kashf etish asosiy vazifalardan biri ekanligi aytib o‘tildi. Ushbu maqsadlarni amalga oshirishda xorijiy tajribalarni o‘rganish alohida ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. shu bois, Teatr san’ati fakulteti professor-o‘qituvchilari xorijga stajirovkaga yuborilishi hamda yetarlicha malaka oshirishi uchun institut tomonidan sharoit yaratib berilishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, mazkur ta’lim yo‘nalish bitiruvchilarining ish bilan ta’minlanish darajasi o‘rganildi. Qolaversa, talabalar tomonidan sahnalashtirilgan spektakllarni videotasmaga muhrlagan holda arxivlashtirish masalasi ilgari surildi. Bundan tashqari, institutning O‘quv teatrida muzey tashkil etish taklifi bildirildi. Ijodiy ishlarni patentlash va ilmiy ishlarga tenglashtirish bo‘yicha tegishli ishlarni amalga oshirish masalasi ham muhokama qilindi.