1

Talabalik qasamyodi o‘tkazildi

Talabalik qasamyodi o‘tkazildi

Bugun Kino, televideniye va radio san’ati fakulteti 1-bosqich talabalari tomonidan yangi o‘quv yiliga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Unda institut rahbariyati, fakultet dekani, kafedra o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Ibrohim Yuldashev ochib berdi.

“Bugun nihoyatda quvonchli kun sanaladi. Talaba bo‘lish — ajoyib baxt. Joriy yil institutimizga 5 mingdan ortiq abituriyent hujjat topshirdi. Shundan 1226 nafar yigit-qiz talabalik baxtiga muyassar bo‘ldi. Shu kabi mashaqqatli sinovlardan o‘tgan talabalarni tabriklayman. Bugun yurtimizda katta islohotlar bo‘lmoqda. Hozirgi davrni oldingisiga qiyoslab bo‘lmaydi. Mana shu erishilayotgan natijalar ham islohotlarning mevasidir. Endilikda sizdan faqat bilim olish talab etiladi. Biz barcha sharoitlarni yaratamiz”, dedi institut rektori.

Shuningdek, fakultet dekani Anvar Qurbonov ramziy kalitni maxsus quticha ichidagi qog‘ozlardan tanladi va bu baxtga Shamsiyev Elyorbek muyassar bo‘ldi.

“Talaba bo‘lganimdan juda xursandman. Bu dargoh men o‘ylaganimdan-da yaxshiroq ekan. Ayniqsa, tadbirlarga professional tarzda yondashish kabi jarayonlar menda iliq taassurot qoldirdi. Kelajakda professional rejissyor bo‘lish va ustozlar yo‘lidan borishni istayman”, dedi ushbu fakultetning 1-bosqich talabasi Shamsiyev Elyorbek.

Tadbir davomida bir-biridan qiziqarli ko‘rinishlar, she’r ijrolari, doira raqsi kabi ijrolar tashrif buyurgan tomoshabinlarning olqishlariga sazovor bo‘ldi.

O‘zgacha ruhda o‘tgan tantana so‘ngida institut rektoriga maxsus tashakkurnoma taqdim etildi. Qolaversa, yigit-qizlar tomonidan talabalik qasamyodi qabul qilindi.