1

Talabalar uchun institut tomonidan avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

Talabalar uchun institut tomonidan avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

Bugun O‘zbekiston davlat instituti rahbariyati Teatr san’ati fakulteti talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Unda fakultetning barcha bosqich talabalari ishtirok etdi.

Dastlab institut rektori v.b. Eldor Shermanov oliygohda amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berdi. Jumladan, kelgusida ta’lim dargohi tijoratlashtirish yo‘lidan borib, spektakllarni sahnalashtirish orqali o‘quv teatrini moliyalashtirish, qolaversa, iqtidorli ijodkorlarni hamda yaratilayotgan sahna asarlarini aholi o‘rtasida ommalashtirish borasida rejalar tuzilayotgani aytildi.

Bundan tashqari, fakultet o‘qituvchilari va talabalarini xorijiy mamlakatlarga malaka oshirishga yuborish borasida sa’y-harakatlar qilinayotgani ta’kidlandi.

Ochiq uchrashuvda talabalar tomonidan bildirilgan muammolar va takliflar eshitildi hamda ularga zarur barcha shart-sharoitlar yaratilishi ta’kidlandi. Jumladan, talabalar ertalabki darslarga o‘z vaqtida hamda qulay tarzda yetib kelishi uchun institut tomonidan avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi.

Avtobus ertalab soat 8:40 da “Buyuk ipak yo‘li” metrosi bekatidan harakatlanadi hamda faqatgina institutda tahsil olayotgan talabalarni oliygohga o‘z vaqtida yetib kelishini ta’minlaydi.