
O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti xotin-qizlar kengashi vakillari Qunduzxon Nishonboyeva, Matluba Isakova va Nodira Abdunazarovalar 2-talabalar turar joyida yashovchi talaba-qizlar bilan suhbat uyushtirdi.
Ushbu jarayonda TTJ pedagog-tarbiyachisi Z.Hasanova va mudirasi D.To’layevalar ham bevosita ishtirok etishdi. Suhbat davomida talabalarga turmush hayotiga oid psixologik va huquqiy tushunchalar berib o’tildi. Shuningdek, mamlakatimizda gender tengligiga qaratilayotgan e’tibor, ushbu jarayonning bevosita O’zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida amalga oshirish jarayoni haqida qizg’in mulohazalar ilgari surildi. Talabalar ham o’zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
İnstitutimizda uzoq yillardan beri samarali mehnat qilib kelayotgan pedagog Qunduzxon Nishonboyeva talabalar ko’proq kitob mutolaasiga e’tibor qaratish lozimligini, texnik-texnologik jarayonlar qanchalik rivojlanmasin, kitobxonlik masalasi millat kelajagi uchun doim muhim ekanligini alohida ta’kidlab o’tdi. Uchrashuv so’ngida talabalar turar joyida tashkil etilgan “Mohir qo’llar” to’garagi a’zolari tomonidan chizilgan devoriy suratlar ham xotin-qizlar kengashi a’zolari tomonidan yuqori baholandi.