
30-avgust kuni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida bir qator masalalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.
Dastlab oliygoh rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yuldashev xodimlar va talabalarni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 31 yilligi bilan tabrikladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz bir yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, adabiyot, madaniyat, san’at sohalari va ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoniga binoan “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan oliygohimiz professor-o‘qituvchilari Tuychiyeva Sayyora, Yusupova Veneraga institut rektori tomonidan minnatdorchilik bildirildi. Shu bilan birga, mazkur ta’lim dargohida ilmiy darajalarga erishgan o‘qituvchilar ham munosib taqdirlandi.
Yig‘ilish davomida avvalgi topshiriqlar yuzasidan hisobotlar tinglandi.
Shundan so‘ng yaqinda 80 yoshni qarshi olgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, professor Abdurahim Isroilovga institut rahbariyati tomonidan tabrik bildirildi hamda esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Kun tartibida ko‘pgina masalalar muhokama qilindi va quyidagi vazifalar belgilab olindi:
– Yangi o‘quv mavsumining birinchi kuni bo‘lib o‘tadigan mustaqillik darslarini taniqli olimlar va xalq artistlari ishtirokida o‘tkazish;
– Odob-axloq kodeksiga jiddiy yondashish;
– Institut imidjini shakllantirish.
Shuningdek, talabalar turar-joyi bilan bog‘liq bir qator masalalal ham ilgari surildi. Unga ko‘ra, yangi o‘quv mavsumida talabalar yotoqxonasining ijara to‘lovi narxi avvalgi holatida qoldirildi (oylik to‘lov 225 ming so‘m); chin yetim va nogironligi bo‘lgan talabalar bepul yotoqxona bilan ta’minlanadi, “Temir daftar” va “Yoshlar daftari”ga kirgan talabalarga 50 foizli chegirma beriladi.
Qolaversa, “Madaniyat va san’at muassasalarini tashkil etish va boshqarish” kafedrasi “Madaniyat va san’at menejmenti” deya qayta nomlanadi. Ushbu kafedra tasarrufida bakalavr bosqichida ikkita yangi yo‘nalish ochildi. “Kutubxona-axborot faoliyati” yo’nalishida esa endilikda magistratura bosqichiga ham talabalar qabul qilinadi.
Shuni qo‘shimcha qilish kerakki, yangi o‘quv yilidan chet tillarini o‘qitish muhim masalaga aylantiriladi. Shu bilan birga, Respublika va xorijiy nashrlarda ilmiy maqolalari e’lon qilinmagan o‘qituvchilarga nisbatan chora ko‘riladi.
Eslatib o‘tamiz, yangi o‘quv mavsumi 5-sentyabr kuni boshlanadi.