Taʼlim sifatini yuksaltirish masalalari muhokama qilindi

Bugun Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti rektori, professor Ibrohim Yuldashev boshchiligida “Folklor va etnografiya”, “Milliy qoʻshiqchilik”, “Cholgʻu ijrochiligi” hamda “Vokal” kafedralari taʼlim yoʻnalishlarida oʻquv jarayoni sifatini yuksaltirish masalalari muhokama qilindi.
Dastlab institut rahbariyati tomonidan dars jarayonlari koʻzdan kechirildi.
Yigʻilishda institut rahbariyati, dekanlar, kafedra mudirlari va boshqa xodimlar ishtirok etishdi. Tanqidiy-tahliliy ruhda oʻtgan jarayonda bir qator dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Jumladan, yakka darslarning samarali tashkil etilishi tanqid ostiga olindi.
“Biz tashrif buyurgan mazkur oʻquv binosida 35 ta yakka dars xonasi mavjud, ammo ulardan foydalanish samaradorligi yuqori emas. Biz bamaylixotir oʻtirishimiz kerak emas. Talabalar uchun dars jarayonlarini oʻz vaqtida, sifatli tarzda tashkil etishimiz lozim. Oʻqituvchi oʻz ish faoliyati bilan talabalarga oʻrnak boʻlishi kerak. Qolaversa, yurakdan yondashib, birlashib ishlashimiz shart. Boqimandalik qilishga haqqimiz yoʻq. Aqlli odam qilingan xatoni takrorlamaydi. Eng mudhish xato esa uni takrorlashdir”, – dedi institut rektori Ibrohim Yuldashev.
Yigʻilish soʻngida mas’ul xodimlarga tegishli topshiriqlar berildi hamda uning natijasi ilmiy kengashda koʻrib chiqilishi taʼkidlandi.