
Joriy yilning 10-may kuni О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bо‘yicha prorektor Eldor Shermonov tomonidan yig‘ilish o‘tkazildi.
Kino, televideniye va radio san’ati hamda Xalq ijodiyoti fakultetlarining professor-о‘qituvchilari, ustoz-murabbiylari, tyutorlari qatnashgan majlisda yuksak ma’naviyatli, mustaqil va erkin fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirgan, barkamol avlodni voyaga yetkazish borasida ta’lim muassasasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar muhokama qilindi.
Talabalar bilan olib boriladigan ma’naviy-marifiy ishlar samaradorligini oshirish, turli zararli oqimlar ta’siriga tushib qolishdan asrash, yoshlarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishini ta’minlashga qaratilgan muhim vazifalarni bajarish lozimligi e’tirof etildi. Shu bilan birga, yoshlarimizning talabalik davrlaridan mehnat faoliyatini olib borishlari nafaqat moddiy jihatdan, balki ish tajribalarini mukammal darajada o‘rganishiga, bilim ko‘nikmalarini rivojlantirishiga katta yordam berishi ta’kidlandi. Talabalar hamda ish beruvchilar o‘rtasida muntazam uchrashuvlar tashkil etish, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida muntazam ravishda talabalarga ma’lumot berish kabi samarali ishlarni amalga oshirish lozimligi aytildi.
Ta’kidlandiki, bugungi jadal rivojlanib borayotgan global davrda, har bir pedagog xodim yoshlarning ta’lim tarbiyasiga, kiyinish madaniyatiga darslardagi ishtirokiga, amaliy hamda nazariy mashg‘ulotlarda vaqtida qatnashishiga, о‘g‘il-qizlarni о‘z ustilarida tinimsiz izlanishlar olib borishlariga jiddiy ahamiyat qaratishi shart. Shuningdek, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi hamda vazirlik huzuridagi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda bakalavr taʼlim yo‘nalishi talabalari o‘rtasida “Yangi O‘zbekistonni o‘zimiz, o‘z qo‘llarimiz bilan bunyod etamiz!” shiori ostida o‘tkazilayotgan Respublika esselar tanlovida institutning barcha ta’lim yo‘nalishi talabalarini ishtirokini ta’minlash zarur. Chunki mana shunday tanlovlar orqali yoshlarning qobiliyatlari, iste’dodi va ijodkorliklari yanada shakllanadi. Iqtidorli talabalar aniqlanadi, ular qo‘llab-quvvatlanadi, rag‘batlantiriladi.
Qolaversa, tyutorlarning vazifalari xususida ham fikr yuritildi. Ular institut va talabalar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, talabalarga uslubiy, ijtimoiy va psixologik yordam ko‘rsatish va talabalarda tanlagan kasbiga muhabbatni oshirishga harakat qilishi kerak. Shu bilan birga, ular yigit-qizlarning dars mashg‘ulotlarini muntazam tahlil qilib borishi lozim. Ularning darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishini taʼminlaydi hamda ijtimoiy ahvolidan doimiy xabardor bo‘lib turadi. Har bir tyutor talabalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi, ularning ta’lim olishi, ilm bilan shug‘ullanishi, yashashi va dam olishi uchun sharoitlar yaratishga ko‘maklashadi. Yigit-qizlarning o‘quv intizomini mustahkamlash, ularda ijodiy fikrlash, halollik, to‘g‘ri so‘zlik kabi xislatlarni shakllantirish borasida tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yadi. Iqtidorli, iste’dodli talabalarni aniqlab, ularning turli tanlov va olimpiadalarda munosib ishtirok etishini ta’minlaydi. Qolaversa, ijarada istiqomat qilayotgan talabalarning yashash sharoitlarini o‘rganadi.
Qayd etilganidek, yuksak maʼnaviyatli, mustaqil fikrlovchi, keng dunyoqarash, chuqur bilimga ega bo‘lgan tashabbuskor, shijoatli yoshlarning faolligini yanada oshirish hamda ular safini kengaytirish masalasi ustoz-murabbiylardan yuksak kasbiy mahoratni talab etadi.